12 avgust — Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlab, 2016 yildan beri amalga oshirilib kelinayotgan «Technovation Girls» xalqaro dasturi O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va BMTning «Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi» loyihasi bilan birgalikda Andijon, Namangan va Farg‘onadagi qizlar va ularning ustozlari uchun bepul onlayn treninglari uchun tanlov e’lon qiladi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining vakili «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Treninglar maqsadi 16−18 yoshdagi qizlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga ko‘maklashish, ular orasida STEM sohasini mukammal targ‘ib qilish, gender tenglikni mustahkamlash, ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, sifatli ta’lim berish va STEMda ayollar va qizlar jamiyatini yaratish orqali mintaqada innovatsiyalarni kashf qilishdan iboratdir. IT va texnologiyalar kelajakdagi dolzarb kasblardandir! Olingan bilimlar qizlarga raqobatdosh mehnat bozorida munosib o‘rin egallashlariga imkon beradi.

Treninglar shuningdek mentorlar (ustoz) uchun ham o‘tkaziladi. 19 dan 32 yoshgacha bo‘lgan talabalar, o‘qituvchilar, IT-mutaxassislar mentorlikka da’vogar bo‘lishlari mumkin.

Technovation Fergana Valley dasturi 4 oylik onlayn-mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi. Vebinarlar mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan quyidagi mavzularda o‘tkaziladi:

  • mobil ilovalarni dasturlash;
  • biznes-reja yaratish;
  • video tasvirga tushirish;
  • taqdimotlar tayyorlash;
  • mentorlik;
  • IT sohasidagi karera;
  • Barqaror Rivojlanish Maqsadlari.

Ishtirokchilar va mentorlar tanlov asosida saralanib olinadi. Arizalar faqat Farg‘ona vodiysi aholisidan 20-avgustga qadar www.technovation.uz saytida qabul qilinadi.

O‘zbekistonning qolgan hududlar uchun Technovation Girls-2021 tanloviga ro‘yxatdan o‘tish oktyabr oyidan boshlanadi.