Otabek Umarov triatlon federatsiyasi va Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi rahbarligi lavozimlaridan iste’foga chiqdi, bu haqda «Gazeta.uz» ga assotsiatsiya axborot xizmati ma’lum qildi.

Otabek Umarov 2019 yilning mart oyidan Triatlon federatsiyasi rahbari sifatida ishlab kelayotgan edi. Uning tashabbusi bilan Triathlon Sprint va Befit Indoor Triathlon musobaqalari tashkil etilgan.

2019 yil noyabr oyidan u O‘zbekiston Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti lavozimini egalab kelayotgan edi. Uning rahbarligi ostida poytaxtdagi «Xumo Arena»da 15 ming ishqibozni yig‘gan GFC 20 turniri tashkil etilgandi.

Ushbu tashkilotlarni tark etishi haqida Otabek Umarov quyidagicha fikr bildirgan: «Mamlakatimiz, butun xalqimiz butun dunyoni boshi berk ko‘chaga qamab qo‘ygan tahdid bilan to‘qnash keldi. O‘z-o‘zidan, ayni paytda ro‘baro‘ bo‘lib turgan qiyinchiliklarni yengish uchun har birimizdan bor kuch-g‘ayratimizni sarf etish talab etiladi. Ushbu vaziyatda davlat xizmatini olib borish, jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar prinsipial yangi xarakter kasb etishi va misli ko‘rilmagan mas’uliyat darajasi talab qilishini yaxshi tushunib turibman. Bu menda sport tashkilotlarida egallab turgan lavozimini tark etishdan o‘zga tanlov qoldirmayapti. Sababi oddiy: Triatlon federatsiyasi ham, MMA assotsiatsiyasi ham vaqt va e’tibor talab qiladi, yangi sharoitlarda esa men buni kafolatlay olmayman».

Otabek Umarov uning o‘rniga keladigan insonlar O‘zbekistonda triatlon va MMA pozitsiyalarini mustahkamlash, sog‘lom hayot tarzi va muvaffaqiyatga yo‘nalgan sport targ‘iboti tomon harakatni davom ettirishiga xayrixohligini aytdi. «Hurmatli delegatlar men uchun qadrli bo‘lgan tashkilotlarni boshqarish uchun tayinlashga kimni loyiq deb topishmasin, ular mening qo‘llab-quvvatlashimga ishonishlari mumkin, chunki men milliy sportning qizg‘in muxlisi va elchisi bo‘lib qolaveraman.

Otabek Umarov MMA ning Markaziy Osiyo konferensiyasi rahbari lavozimidagi faoliyatini davom ettiradi.