15 avgustdan Toshkentda jamoat trasnporti, jumladan, avtobus va yo‘nalishli taksilar (mashrutkalar) faoliyati qayta tiklanadi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi. Shu kundan Toshkent viloyatida ham avtobus yo‘nalishlari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, «Toshshahartransxizmat» AJ 132 ta yunalishda 1105 ta avtobuslarni yo‘nalishlarga chiqaradi. Shuningdek, «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida faoliyat yurituvchi xususiy korxonalar hamda 98 ta yo‘nalishda 800 dan ortiq yo‘nalishli taksilar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.

Transport vositasi doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi. Shuningdek, Sanitariya talablari doirasida yo‘lovchilarning avtobus saloniga chiqishda va avtobus ichida tibbiy niqobda bo‘lishlari talab etiladi, tibbiy niqobsiz yo‘lovchilar avtobus va mikroavtobuslar saloniga chiqarilmaydi.

Dastlab jamoat transporti va hududlararo qatnovchi transport harakatini 17 avgustdan boshlash rejalashtirilgan edi. Biroq aholining barcha turdagi jamoat transportiga, jumladan, 15 avgustdan faoliyatini boshlayotgan poytaxt metropoliteniga bo‘lgan talabi inobatga olindi.

«Karantin talablari yumshatilib, barcha faoliyatlarga erkinlik berilayotgani sanitarik qoidalarni chetlab o‘tishga yoki unga amal qilmaslikka asos bo‘lmaydi. Birgina beparvolik kasallik o‘choqlarining yana avj olishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan karantin me’yorlari va belgilangan talablarga og‘ishmay amal qilib, o‘zimiz va atrofdagilarning salomatligini saqlashga o‘z hissamizni qo‘shaylik», — deyiladi «Toshshahartransxizmat» xabarida.