15 avgustdan O‘zbekistonda karantin choralari yengillashtirilayotgani munosabati bilan 30 kishilik oilaviy marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berildi. Bunda tadbirlar uy yoki hovlida faqatgina yaqin qarindoshlar va ushbu tumanda yashovchi boshqa qarindoshlar ishtirokida sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishi kerak.

Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda o‘rnatilgan qoidalarga amal qilish zarurligini eslatib o‘tdi.

«O‘tgan safar eslaringda bor, mana shu 30 kishilik ruxsatdan keyin ko‘p joylarda, ayniqsa Toshkent shahrida 100 kishi, 70 kishi, 150 kishi bo‘lib ketganidan keyin juda katta zararlanish xavf-xatari paydo bo‘ldi. Shuning uchun ushbu to‘y va marosimlar belgilangan talablarga amal qilgan holda [o‘tkazilishi kerak]. Albatta, to‘y qilayotgan odam mahalla bilan maslahatlashadi», — dedi davlat rahbari.

Iyul oyi boshida, karantin choralari takrordan kuchaytirilishi arafasida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov aholi to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda ishtirokchilar sonidagi cheklovga amal qilmayotganini ta’kidlagan edi.

«Aholi orasida to‘y, turli marosim va oilaviy tadbirlar virusning tarqalishiga xizmat qilayapti. Masalan, 4 ta to‘yda 110 ta kasallik aniqlangan, bundan tashqari, birgina Yunusobod tumanida o‘tkazilgan to‘yda 79 kishi virus yuqtirib olgan. 30 kishilik limitga rioya etish uchun bir kunda uch marta to‘y qilgan», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri.