TikTok 15 oy davomida millionlab Android operatsion tizimida ishlaydigan smartfonlar foydalanuvchilarining ma’lumotlarini yig‘ib kelgan, deya xabar berdi The Wall Street Journal.

Xabarda aytilishicha, TikTok Google ishlab chiqqan Android tizimining maxfiylik himoyasini chetlab o‘tishga erishgan va «millionlab» smartfonlarning unikal identifikatorlarini qo‘lga kiritgan. Ya’ni gap, MAC-manzillar — ilovaga internet-foydalanuvchilarini kuzatishga imkon beruvchi identifikatorlar haqida ketmoqda.

Ilova kamida 15 oy davomida, 2019 yilning noyabr oyigacha foydalanuvchilarning ma’lumotlarini yig‘ib kelgan.

The Wall Street Journal nashrining ta’kidlashicha, TikTok kuzatuvni alohida qo‘shimcha shifrlash qatlami orqali yashirib kelgan va Google ning foydalanuvchilarni kuzatishni taqiqlovchi qoidalarini buzgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hisobda Android ilovalarining 1 foizi MAC-manzillarini to‘playdi. Bu ko‘rsatkich mobil ilovalarini tahlil qiluvchi AppCensus xizmati tomonidan o‘tkazilgan 2018 yilgi tadqiqotda ma’lum bo‘lgan.

Federal savdo komissiyasining ta’kidlashicha, MAC-manzillari Bolalarning onlayn maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq shaxsiy ma’lumot hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH TikTok ni taqiqlashni rejalashtirayotganini, va kompaniya taqiqlovdan qutilish uchun uni AQSH kompaniyasiga sotishga qaror qilganligi haqda xabar bergan edik. Hozirda Microsoft korporatsiyasi TikTok ning AQSHdagi qismini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Twitter ham kompaniya bilan muzokaralarga kirishgan va TikTok ning amerika tomonini o‘z kompaniyasiga birlashtirishni reja qilayotganligi haqida ma’lum qilgan.