Test sinovlari o‘tkaziladigan joylarda davlat tomonidan o‘qishga hujjat topshirgan barcha 1,361 mln abituriyentga barcha sanitariya-gigiyena va boshqa qo‘shimcha sharoitlari yaratiladi. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov Xalqaro press klubning sessiyasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, test sinovilari Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi stadion va ochiq maydonlarda tashkil etiladi. Bunda, O‘zbekistonda 155 dan ortiq stadion bor bo‘lsa, test o‘tkazish uchun 57−60 ta maydon talab qilinishi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida bir kunda, ikki smenada 20 mingga yaqin abituriyentni test sinovidan o‘tkazish uchun 7 ta maydon o‘rganildi. Qoraqalpog‘istonda esa 3 ta stadionda bir smenada 3000 (bir kunda 6000) abituriyent test sinovida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Respublika bo‘yicha bir kunda 100 mingdan ortiq abituriyentni test sinovida ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, imtihon jarayoniga jurnalistlarning kirishi to‘siqsiz ta’minlanishi aytib o‘tildi.

Muddatlar va xavfsizlik

Ma’lum bo‘lishicha, qabul test sinovlari 2 sentyabrdan boshlanadi va kuniga 2 marta havo salqin paytda o‘tkazilib, 14 kunda yakunlash rejalashtirilgan. Bunda test sinovlari birinchi smena uchun 08:00 da boshlansa, 10:00 gacha davom etadi va ikkinchi smena 17:00 da boshlanib, 19:00 da tugaydi.

Abituriyentlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan birgalikda test sinovlari o‘tkaziladigan hududni test boshlanishiga 2 kun qolganda qo‘riqlovga olishni boshlaydi. Shu bilan birga, har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, test sinovlari o‘tkaziladigan joylariga kirishdan oldin abituriyent dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkaziladi. Ularning tana harorati o‘lchanadi. Har bir abituriyent alohida antiseptik vositalari, yangi tibbiy qo‘lqop va niqob bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, stadionda abituriyentlar o‘tiradigan stollarining imkon qadar bir-biridan uzoqroq masofada bo‘lishi, har bir abituriyentga 6 kvadrat met masofada joy ajratilib, ijtimoiy masofa saqlanishi ta’minlanadi.

Qo‘shimcha qulayliklar va test sinovlaridagi shaffoflik

Yuqoridagi sharoitlardan tashqari, abituriyentlar uchun quyidagi qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan:

  • Har bir stolda abituriyentlar uchun javoblar varaqasini to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bo‘ladi;
  • Abituriyentlarga test vaqti qachon tugashi haqida ma’lumot berib boriladi;
  • Har bir abituriyentga alohida suv va ruchka beriladi;
  • Bundan tashqari, abituriyentlarga bosh kiyim (kepka) ham tarkatish rejalashtirilgan.

Shaffoflik masalasida DTM direktori abituriyentlarni kiritishda va shaxsini aniqlashda shaxsiy identifikatsiyalash vasitalari (videofiksatsiya, barmoq izi skaneri)dan foydalanishini aytib o‘tdi. Jarayonlar videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda o‘tkazilib, abituriyentlar va ularning ota-onalari test sinovlarini televileniya va test2020.uz sayti orqali kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi.

Test savollari

«Testlar 4 xil turda — sodda savollar, o‘rtacha oson savollar, murakkabroq savollar va yuqori murakkablik darajasida belgilanar edi», — dedi Davlat test markazi rahbari Majid Karimov.

Endilikda sodda savollar 12 ta, o‘rtacha oson savollar 12 ta, 3-darajali murakkabroq savollar soni 6 ta bo‘lishi va yuqori murakkablik darajasidagi savollar endi bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Barcha abituriyentlar test topshirib bo‘lgach, bir haftada imtihon natijalarini bilib olishlari mumkin bo‘ladi.