O‘zbekistonlik mutaxassislar Rossiya va Xitoyda yaratilgan COVID-19 ga qarshi vaksinalarni qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganishmoqda, deya ma’lum qildi seshanba kuni koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab a’zosi Rustam Ikromov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga bir hafta ichida va vaksinalar sotib olish O‘zbekiston aholisini emlash imkoniyatlarini o‘rganishni topshirgan edi. Vaksinalar ishlab chiqarilishi yaqin orada Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya va Rossiyada boshlanishi kutilmoqda.

«Hozirda Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda» — dedi Rustam Ikromov onlayn-brifingda, chet eldan vaksinalarni sotib olish rejalari haqidagi savolga javob berar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni videokonferensiya davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinani qo‘llash bo‘yicha fikr almashildi.

«Ushbu muzokaralar natijalariga ko‘ra hukumatga mamlakatda vaksinani qo‘llash darajasi to‘g‘risida ma’lumot beriladi», — deya qo‘shimcha qildi shtab a’zosi.

Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi dunyodagi birinchi vaksina ro‘yxatga olganini e’lon qilgan edi. Rossiya vaksinasiga «Sputnik V» nomi berildi.

JSST nomzod-vaksinalar ro‘yxatini (PDF) oxirgi marta 10 avgust kuni yangiladi. Ushbu ro‘yxatda Gamaleya nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan vaksina sinovlarning birinchi bosqichida deb ko‘rsatilgan.

Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalash fondi rahbari Kirill Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon ro‘yxatga olingan vaksina to‘g‘risidagi ma’lumotlarni JSSTga yuborgan. «Bu yaqin orada paydo bo‘ladi (JSST ro‘yxatida — tahr.)», — dedi u.

«Vaksina Rossiyada rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligi sababli, ro‘yxatga olish raqami va hujjatlari mavjud. Biz yaqinda JSST o‘z ro‘yxatini yangilaydi deb umid qilamiz, chunki ular Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lumot olishdi», — deya qo‘shimcha qildi Kirill Dmitriyev.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida «Gazeta.uz», o‘sha paytda klinik sinovlarning uchinchi, ya’ni yakuniy bosqichida bo‘lgan beshta nomzod vaksina haqida yozgan edi. Ular Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va Germaniya olimlari jamoalari tomonidan ishlab chiqilgan.