«Yagona umumrespublika protsessing markazi» MCHJning (Uzcard brendi) ta’sischilari tarkibida o‘zgarish bo‘ldi. Bu bo‘yicha ma’lumot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tadbirkorlik subektlari haqidagi ma’lumotlar bo‘limida berilgan.

May oyida Oybek Tursunov Uzcard ustav fondidagi 75 foiz ulushga ega bo‘lgani haqida xabar bergandik. Oldinroq ushbu 75 foiz ulush, Uzcard direktori Maxmudov Axror Abrorovichga tegishli edi. Qolgan 25 foiz esa MCHJning o‘ziga tegishli.

8 avgust holatiga ko‘ra, kompaniyadagi 51 foiz ulush O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki AJga («O‘zmilliybank») hamda 6 foizdan — «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka» bank, «Ipoteka-Bank» va «Aloqabank"ka tegishli.

Ulushning qolgan 25 foizi to‘rt kishiga (har biri 6,25 foizdan) — Mansur Pelatovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Timur Mahmudjonovich Azadov va Obid Alimjonovich Agzamxodjayevga tegishli.

Kamron Akbarov oldinroq Uzcard bosh direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan, Temur Ozodov esa jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi ATTO kompaniyasi rahbari hisoblanadi.

Axror Maxmudov Uzcard kompaniyasining rahbari lavozimida qoldi.