Parlament yuqori palatasining oltinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norbayeva Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan shakllantirgan va yuritayotgan «Temir daftar» tizimi ayrim hududlarda aholi noroziligiga olib kelayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyul kuni «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzolagandi.

Ushbu farmonga muvofiq, byudjetdan qo‘shimcha 2 trln so‘m ajratilib, ushbu mablag‘lar 1 mln 700 ming nafar yordamga muhtoj aholi, 3 mln 700 ming nafar pensioner va 2020 yil yakuniga qadar 500 ming nafar ijtimoiy nafaqa oluvchilarga yo‘naltirilishi belgilangan.

Mazkur bir martalik moddiy qo‘llab-quvvatlash Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarga ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Majlisda Senat Raisi T.Narbayeva mazkur yo‘nalishda uchrayotgan ayrim muammolarga e’tibor qaratdi va «temir daftar»ni shakllantirish va yuritish tizimini tanqid qildi.

«Amaliyotda ko‘rdikki, ajratilgan mablag‘larni taqsimlash jarayonida ayrim hududlarda noroziliklar yuzaga keldi. Odamlar «temir daftar»ga haqiqatda kambag‘al va ko‘makka muhtoj oilalar chetda qolib, yetarlicha daromadga ega bo‘lganlar kiritilganidan shikoyat qilmoqda. Tizimda ochiqlik, shaffoflik yo‘q», — dedi Senat raisi.

Uning ta’kidlashicha, bu borada Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizim faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqishi kerak. Bunga sabab odamlar ko‘proq mahalla tizimi vakillarining noxolisligidan shikoyat qilishmoqdaligi bildirildi.

«Prezidentimiz mahalla tizimi obro‘sini ko‘tarish, xalqqa yanada yaqinlashtirish bo‘yicha barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berdilar. Shunga qaramay, ayniqsa, quyi bo‘g‘inlar eskicha ish uslubidan voz kecha olmayapti. Mahalla idoralari xodimlarining dunyoqarashi o‘zgarmayapti. Ularda aholi bilan ishlash, konstruktiv muloqot qilish ko‘nikmalari yetishmaydi. Bu esa aholining haqli e’tirozlari ko‘payishiga olib kelmoqda. Odamlarning mahalla idoralariga bo‘lgan ishonchi va hurmatiga putur yetyapti», — deya ta’kidladi Parlament yuqori palatasining rahbari.

Shu o‘rinda, mahalla idoralari vakillarining malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiqligi aytildi. Shuningdek, «Temir daftar»ni shakllantirish va yuritish tizimi ochiq, shaffof bo‘lishi, tizimga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish muhimligi qayd etildi.

«Ayniqsa, davlat tomonidan muhtoj oilalar uchun ajratilgan mablag‘larni taqsimlash jarayonida inson omilini maksimal darajada kisqartirish bugungni kun talabi», — deyiladi xabarda.