Senat raisi Tanzila Norbayeva Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan 1 mlrd 750 mln so‘mdan ortiq mablaq talon-taroj qilinganini ma’lum qildi.

«Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan umumiy hisobda jamg‘armaning 1 mlrd. 750 mln. so‘mdan ziyod mablag‘i talon-taroj qilingani masalaga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi», — dedi senat raisi.

«Davlatimiz rahbari tomonidan xalqimiz salomatligini asrash, inqirozdan imkon qadar tezroq va talofatlarsiz chiqish uchun ne-ne mashaqqatlar bilan mablag‘lar jalb etilayotgan bir sharoitda o‘z nafsining quliga aylangan, ayrim kaltabin mansabdorlar tomonidan korrupsiyaga ko‘l urilayotganini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Yuqorida aytib o‘tilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga biz ham birdek mas’ulmiz. Nazoratni qattiq olib borishimiz, ijro organlariga qat’iy talablar qo‘yishimiz kerak», — deya ta’kidladi Tanzila Norbayeva.

Senat raisi yaqinda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada o‘rganishlar, tahlillar olib borib, tizimda korrupsiyaga olib keluvchi sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha asosli takliflar bilan chiqishi kerakligini aytdi. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Agentlik bilan birgalikda bu borada aniq hamkorlik rejasini ishlab chiqishi lozimligi ta’kidlandi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy Kengashi raisi sifatida bir narsani aniq aytishim mumkin, endilikda korrupsiya masalasidagi ishlarimiz tizimli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va albatta, murosasiz bo‘ladi», — dedi senat raisi.

Shuningdek, u tizimda jamoatchilik nazorati samaradorligi pastligi hamda «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonun ishlamayotganiga e’tibor qaratdi. «Kambag‘allikni belgilash va uni tizimli ravishda qisqartirish borasida yaxlit qonunga ehtiyoj bor. Imkon qadar qisqa muddatlarda shu masalalarni hal qilmas ekanmiz noroziliklar davom etaveradi. Hukumatning mutasaddi a’zolaridan ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratishni so‘raymiz», — dedi Norbayeva.