Anhor.uz tahririyati COVID-19 ga chalinganligi tasdiqlangan bemorlarni davolovchi ftiziatr Nadejda Shklovets bilan koronavirusli pnevmoniya odatiy pnevmoniyadan nimasi bilan farq qilishi, uni davolash va reabilitatsiya qilish metodlari haqida suhbatlashdi.

Koronavirusli pnevmoniya bo‘yicha ftiziatrning fikrlari va mavzuning muhimligi sababli Anhor.uz tahririyatining ruxsati bilan «Gazeta.uz» intervyuni to‘liq ko‘rinishda taqdim etadi.

Koronavirusli pnevmoniya va uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida

— COVID-19 da pnevmoniyaning rivojlanishi va davolanishi odatiy pnevmoniyadan nimasi bilan farq qiladi?

— Yangi koronavirusli pnevmoniya — bu o‘pkaning virusli yallig‘lanishining bir turi. Virusli pnevmoniyalar bizga allaqachon ma’lum, ammo biz bunday miqdorda u bilan ishlashga odatlanmaganmiz. Bu davolash ishlarini juda murakkablashtiradi. Koronavirusli pnevmoniya keltirib chiqaradigan o‘zgarishlar, masalan, grippda ham bo‘ladi, ammo COVID-19 da ular ko‘proq va boshqacharoq rivojlanadi.

Farqlar haqida gapirishdan oldin o‘pkamiz o‘zi nimadan iboratligini eslash lozim. U havo o‘tkazuvchi trubalar tizimidan iborat bo‘lib, nafas olish qopchalari — alveolalar bilan tugaydi. Bu alveolalar karkas — interstitsiya yordamida yagona tuzilmaga birlashgan. U birlashtiruvchi to‘qimadan tashkil topgan. Interstitsiyadan qon va limfa tomirlari o‘tadi.

Ko‘p hollarda infeksion yoki bakterial pnevmoniya bilan ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Uning rivojlanishiga alveolalarning ichida yallig‘lanishni keltirib chiqaradigan bakteriyalar sababchi bo‘ladi. Nafas olish qopchalari ichidagi zararlangan qismlarning havosi yallig‘lanish suyuqligiga almashadi. Karkas — interstitsiya — bunda deyarli shikastlanmaydi, tomirlarning devorlari zich bo‘lib qoladi.

Bunday pnevmoniyaning alomatlaridan biri — haroratning ko‘tarilishi va balg‘amli yo‘tal. Yo‘talning paydo bo‘lishi yallig‘lanish suyuqligi alveolalar ichida ekani va u bronxlar orqali tashqariga chiqishi bilan izohlanadi. Yo‘talni yengillashtirish uchun mukolitiklar (balg‘am hajmini oshirmasdan, uni suyultiradigan va balg‘amning o‘pkadan chiqishini yengillashtiradigan dori vositalari — tahr.) tayinlanadi. Haroratning ko‘tarilishi aynan bakterial yallig‘lanish bilan bog‘liq. Shu tarzda organizmimiz kasallik qo‘zg‘atuvchilarini — bakteriyalarni yo‘q qiladi. «Dushman» yo‘q qilinishi bilan, ahvol yaxshilanadi, odam sog‘ayadi.

Infeksion pnevmoniya rivojlanishiga bakteriyalar sababchi bo‘lgani uchun, uni davolashda antibiotiklar birlamchi preparatlar hisoblanadi. Zarurat bo‘lganida, dorilarni uy sharoitlarida emas, balki statsionarda tomchilatib kiritish qo‘llanadi.

Virusli pnevmoniyada (yangi koronavirusli pnevmoniya uning bir turi hisoblanadi) qon tomirlarining devorlari shikastlanadi. Ularning zichligi pasayadi. Qonning suyuq qismi tomirlardan tashqariga chiqadi va ularning shishishini keltirib chiqaradi. Bakteriyalar keyinroq qo‘shiladi, ammo bu har doim ham sodir bo‘lmaydi.

Koronavirusli pnevmoniyada immunitetning virus ta’siriga noadekvat kuchli reaksiyasi yuqori harorat va yallig‘lanish sababchisi bo‘ladi. Yo‘tal quruq bo‘ladi, chunki suyuqlik bronxga chiqish joyi bo‘lmagan interstitsiyada joylashadi. Bu holda balg‘amni suyultiruvchi preparatlar kamdan-kam hollarda samarali hisoblanadi, u faqat bakterial infeksiya qo‘shilganida yoki yo‘ldosh surunkali bronxit kuchayganida samara berishi mumkin.

Virusli pnevmoniyada antibiotik ikkinchi darajali dori hisoblanadi. Zarur bo‘lganida, u davolashning birinchi bosqichida emas, balki keyinroq tayinlanadi.

Suyuqlikni vena ichiga kiritish o‘pka to‘qimalarida shishning kattalashishiga olib kelishi mumkin. Ko‘z oldingizga yorilgan shlangni keltiring, u orqali toboro katta bosim ostida suv yubora boshlashyapti. Uning atrofida ko‘lmaklar keskin osha boshlaydi. O‘pkada ham xuddi shunday jarayon yuz beradi.

— Virus organizmga havo-tomchi yo‘li bilan tushadi. Kontakt paytida biz undan nafas olamiz va u biroz vaqt yuqori nafas yo‘llarida turadi, ayrim hollarda esa keyinroq pastga tushadi. Bu nimaga bog‘liq?

— Birinchi navbatda, odamning immun tizimi holatiga. Burun shilliq qavati yuzasidagi sekretor immunoglobulin A (IgA) miqdoriga. Organizmning fonli va yo‘ldosh holatlariga, moddalar almashinuvining o‘ziga xos xususiyatlariga. Yuqqan virus shtammi ham rol o‘ynaydi, ya’ni uning dozasi, uning qay darajada tajovuzkor ekani.

— Koronavirusli pnevmoniya alomatsiz rivojlanadi. O‘pkada yallig‘lanish jarayoni boshlanganini qanday tushunish mumkin?

— COVID-infeksiyasining odatiy kechishi bir nechta xarakterli bosqichga ega. Birinchi haftada — bu o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI), u ehtimol unchalik kuchli namoyon bo‘lmas. Bu davrda odam o‘zini deyarli sog‘lom his qiladigan kunlar bo‘lishi mumkin.

Harorat ko‘tarilgan birinchi kundan boshlab, kasallikning dastlabki kunlarini hisoblash boshlanadi. Ba’zida buni aniqlash qiyin, chunki u unchalik ko‘tarilmasligi ham mumkin 37,2 — 37,5. Bunday holatlarda haroratni tushirish tavsiya etilmaydi — bu organizmning tabiiy himoya reaksiyasi. Yaxshisi iste’mol qilinadigan suyuqlik miqdorini oshirgan ma’qul.

Beshinchi-yettinchi kunlarda ayrim hollarda harorat yana ko‘tariladi. Ko‘p hollarda bu pnevmoniya rivojlanishi ehtimoli (ammo bunday bo‘lmasligi ham mumkin) haqida dalolat berishi mumkin.

Juda kamdan-kam hollarda kasallikning birinchi haftasida ahvol og‘irlashishi kuzatiladi. Bunday holatlarda odam birinchi «qo‘ng‘iroq»ni sezmagan bo‘lishi mumkin. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash tajribasidan shuni aytishim mumkinki, eng yomon kun — bu o‘ninchi kun. Odatda, ahvolning yomonlashishi ana shu kunga to‘g‘ri keladi.

Bemor holatining kundalik monitoringini olib borish, ya’ni harorat, puls, nafas olish chastotasini, iloji boricha qonning kislorod bilan to‘yinishini (saturatsiyani) qayd etish juda muhim.

Ba’zida nafas olish chastotasiga e’tibor qaratilmaydi, bu esa juda muhim alomat.

Uni bemor sezmaydigan tarzda sanash kerak. Qorin yoki ko‘krak qafasi harakatlari qayd etiladi. Yuqoriga-pastga (nafas olish-chiqarish) — bu bitta nafas olish sikli. Ushbu sikllarning bir daqiqa ichidagi soni hisoblanadi. Normal holatda nafas olish chastotasi jinsga va yoshga bog‘liq, u daqiqasiga 12−20 diapazonida bo‘lishi mumkin. Nafas olish chastotasini dinamikada, kunlar bo‘yicha baholash va nafas olishning puls bilan nisbatini ko‘rish zarur. Yurak qisqarishlari chastotasi nafas harakatlaridan to‘rt baravar ko‘p bo‘lishi kerak.

Qo‘shimcha alomatlar ham qayd etiladi: behollik, hansirash, terning ko‘p miqdorda ajralib chiqishi. Ularni 0 dan 5 gacha shkala bo‘yicha baholagan ma’qul, bu yerda 0 — alomatlar yo‘qligi, 5 — ularning yaqqol namoyon bo‘lishi. Hid, ta’m bilishning buzilishiga, diareyaga e’tibor qaratish lozim.

Grippli pnevmoniyadan farqli o‘laroq, negadir koronavirusli pnevmoniyada bemorlar qonning kislorod bilan to‘yinishi past bo‘lishini ham ancha yaxshiroq ko‘tarishadi. Shuning uchun faqat diqqat bilan kuzatish jiddiy choralar ko‘rilishi kerak bo‘lgan paytni o‘tkazib yubormaslik imkonini beradi.

Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, kasallik hatto alomatsiz kechganida ham o‘pkada u yoki bu o‘zgarishlar bo‘ladi. Ularning tarqalishini oldini olishning imkoni yo‘q, shu bois doim fakt bo‘yicha davolanadi.

Agar harorat ko‘tarilishi, nafas olish yetishmovchiligi, qonning kislorod bilan to‘yinishining pasayishi ko‘rinishidagi holatlar kuzatilmasa, unda faol davolash ishlarini o‘tkazish shartmas. Tadqiqotlar antibiotiklarning, gormonlarning erta tayinlanishi kasallikning kechishini yomonlashtirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Kompyuter tomografiyasi koronavirusli pnevmoniya diagnostikasi metodi sifatida

— «Koronavirusli pnevmoniya» diagnozini tasdiqlash uchun qaysi metodika eng aniq hisoblanadi?

— Kompyuter tomografiyasi (KT) — o‘pkadagi har qanday o‘zgarishlarni, shu jumladan koronavirus infeksiyasida pnevmoniyani ham aniqlashning yaxshi metodi. Ilk bosqichda rentgenografiya o‘tkazilganida o‘zgarishlarni o‘tkazib yuborish mumkin, ayniqsa agar bu zamonaviy raqamli apparat emas, balki eski modellar bo‘lsa. Ammo yallig‘lanish bo‘yicha o‘zgarishlar davolashni talab qiladigan holatlarda rentgenografiya ularni ko‘rsatadi.

KT (kompyuter tomografiyasi) MSKT (multispiral kompyuter tomografiyasi)dan nimasi bilan farq qiladi deb tez-tez so‘rashadi. Ikkala metod ham odam tanasining qatlamlarga ajratilgan tasvirini olish imkonini beradi, faqat farqi shundaki, KTda ko‘rikdan o‘tkazish ishlari bitta detektor yordamida, MSKTda esa bir nechta detektor yordamida amalga oshiriladi. Bir nechta detektor mavjudligi hisobidan tomograf qadami, ya’ni ko‘rikdan o‘tkazilayotgan to‘qimalar uchastkalari orasida masofa kamayadi. Agar oldin ko‘zdan kechirilgan sohalar orasida 5 mm bo‘lishi yaxshi sifat deb hisoblangan bo‘lsa, hozir bu parametrlar ancha kichraygan. Shu tufayli bizda yuqori aniqlikdagi tasvirlar paydo bo‘ladi va tadqiq qilish vaqti sezilarli darajada kamayadi.

MSKT-tadqiqotning uchta afzalligini ajratib ko‘rsatish mumkin. U pnevmoniyaning hatto ilk shakllarini aniqlash, zararlanish hajmini baholash imkonini beradi, bu kasallik og‘irligining mezonlaridan biri hisoblanadi. Shaxsan menga o‘pkaning quyi orqa bo‘limlarida o‘ziga xos o‘zgarishlarning mavjudligi bemorlarga nega qorinda yotish muhim ekanini ko‘rgazmali tarzda ko‘rsatishga yordam beradi.

Shu bilan birga, bemor MSKTda oladigan yetarlicha katta yuklamani esda tutish kerak. Shu sababli odam o‘zini tinchlantirishi uchun ko‘rikdan o‘tishi shart emas. Agar tadqiqot kasallik rivojini o‘tkazib yuborishdan qo‘rqib, haddan tashqari erta qilinsa, hech nima chiqmasligi ehtimoli bor, qisqa vaqt ichida KTdan takror o‘tish esa tavsiya etilmaydi. Bemorlar ko‘pligi sababli navbatda kutish paytida infeksiyani yuqtirish xavfi haqida ham unutmaslik kerak.

— KT/MSKTda ham laboratoriya diagnostikasidagi kabi noto‘g‘ri tahlillar bo‘lishi mumkinmi?

— Yetarlicha sifatli apparatda qilingan MSKT o‘pkadagi tuzilmaviy o‘zgarishlarni ko‘rsatadi. Koronavirusli pnevmoniyaga xos bo‘lgan muayyan belgilar mavjud. Biroq bu aynan u ekanini 100% ishonch bilan aytishning imkoni yo‘q.

Har qanday tadqiqot metodi singari MSKT bemordagi klinik holatlar, kasallikning davomiyligi va kechishining o‘ziga xosligi haqidagi ma’lumotlar bilan, va albatta, epidemik holat ma’lumotlari bilan solishtiriladi. Hozir bunday pnevmoniyaning barchasi, ehtimol, koronavirusdan kelib chiqqan deb qaralmoqda.

Faqat MSKTning o‘zi qo‘shimcha ma’lumotlarsiz davolash sxemasini tayinlashga sabab bo‘lolmaydi.

Agar odam «toza» tasvirni olsa, bu aynan ko‘rik paytida o‘pkada hech qanday yallig‘lanuvchi o‘zgarishlar yo‘qligidan dalolat beradi. Ammo ular bemalol keyin ham paydo bo‘lishi mumkin.

— Kasallangan bemor yoki o‘zida koronavirusli pnevmoniya borligini gumon qilayotgan kishi qachon KT qilishi kerak? Va keyingi KTlar orasidagi interval qancha bo‘lishi kerak?

— Ideal holatda MSKTni shifokor tayinlovi bo‘yicha qilish lozim. Hozir tez-tez ko‘rib turganimdek, kasallikning birinchi kunida ham, ikkinchi kunida ham emas. Agar nafas olish yetishmovchiligi alomatlari bo‘lsa, harorat 38,5 dan yuqori bo‘lsa va ayniqsa agar bemor xatar guruhiga kirsa, unda buni qilish mumkin.

Ko‘pgina mamlakatlarda barcha bemorlarni MSKT ko‘rigidan o‘tkazishdan voz kechishgan. Asosiy rol klinikaga, laboratoriya ma’lumotlariga berilgan. Kasalxonaga tushgan bemorlarning ko‘pchiligi obzorli rentgenografiyadan o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lganida, UTT qilinadi. Buning uchun maxsus protokollar ishlab chiqilgan va joriy etilmoqda.

Tadqiqotni qay darajada tez-tez o‘tkazish kerakligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tibbiyotda barcha davolovchi va diagnostika tadbirlarini o‘tkazishda har doim ikkita tushuncha baholanadi: foyda va ehtimoliy zarar. Shunga qarab muayyan aralashuvni o‘tkazish yoki undan voz kechish haqida qaror qabul qilinadi. Agar MSKT hayotiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tkazilsa, unda interval ahamiyatga ega emas — kuniga bir necha marta ham o‘tkazish mumkin. Agar hozirning o‘zida hayotga hech nima tahdid solmasa, unda hech bo‘lmaganda uch oy — yarim yil o‘tishi kerak.

Alohida ogohlantirib o‘taman: paydo bo‘lgan o‘zgarishlarning tezda so‘rilishini kutish kerakmas. Demak, hatto bir necha haftadan keyin ham nazorat tasvirini qilish kerakmas. Ba’zida yallig‘lanish bu davr ichida yo‘qolishi mumkin, ammo ko‘p hollarda buning uchun uch-to‘rt oy talab qilinadi.

Bir tasavvur qiling: binoda yong‘in boshlandi. Olov faol bo‘lib turgan paytda alangani o‘chirishga harakat qilish, nimanidir olib chiqish, ya’ni harakat qilish kerak. Yong‘in bartaraf etilganidan keyin izlar qoladi. Hammasini asta-sekin ta’mirlash, tuzatish, bo‘yash kerak. Bularning hammasiga vaqt zarur. Kasallikda ham xuddi shunday. Dorilarni organizmda faol yallig‘lanish (yong‘in) mavjud bo‘lgan paytda qo‘llash kerak. U yakunlanganidan keyin esa tiklash ishlari bilan shug‘ullanish lozim.

Bu bilan nima demoqchiman? MSKTda aniqlanadigan o‘zgarishlar davolanishi kerak bo‘lgan yangi yallig‘lanish bo‘lmasligi mumkin. Ko‘p hollarda bu boshdan kechirilgan jarayon izi bo‘ladi, ya’ni yallig‘lanish o‘tib ketgan, uning qoldiq o‘zgarishlari esa bir necha oy saqlanishi va bularning hammasi MSKTda aks etishi mumkin.

Muhim jihat: zararlanish hajmi asosiysi emas. Alomatsiz bemorlarning qariyb 50 foizi MSKTda o‘zgarishlarga ega. Ko‘p hollarda ularga dorilar bilan ta’sir ko‘rsatish shart emas, biroq fibrozning oldini olish uchun nafas olish gimnastikasi hammaga kerak.

— Koronavirusli pnevmoniya va odatiy pnevmoniya bilan kasallangan bemorlarda kompyuter tomografiyasi tasvirlari bir-biridan farq qiladimi?

— Bu savolga javob berish uchun o‘pka qismlarining tuzilishini va koronavirusli pnevmoniya holatida o‘pka zararlanishining rivojlanish mexanizmini ko‘rib chiqish lozim.

Odamning nafas olish tizimi nafas yo‘llaridan — havo o‘tadigan trubkalardan (traxeya, bronxlar, bronxiol) iborat. Ushbu trubkalarning diametri asta-sekin torayadi va juda kichkina holatga — besh mikronga yaqin o‘lchamga keladi. Ushbu mayda bronxiollarning uchida nafas olish pufakchalari — alveolalar joylashgan. Ular o‘zaro stroma, o‘ziga xos karkas — interstitsiy bilan birlashgan. U ancha yumshoq bo‘lib, uning ichidan qon va limfa tomirlari o‘tadi.

Odatiy bakterial pnevmoniyada asosiy zararlanish mayda bronxlar va alveolalar ichida yuz beradi. Ular infeksiya kirishiga javob sifatida yallig‘lanish suyuqligi bilan to‘ladi. Interstitsiyada unchalik jiddiy bo‘lmagan jarayon kechadi.

Virusli pnevmoniyada, xususan COVID-19 da, asosiy patologik o‘zgarishlar har bir qismni o‘rab turadigan aynan ushbu karkasda (interstitsiyada) yuz beradi. U yerdan o‘tadigan tomirlarning devorlari yupqalashadi, qonning suyuq qismini yaxshi ushlab turolmaydi. U tomirlardan tashqariga chiqa boshlaydi. Interstitsial to‘qima shishadi, ammo alveolalarning o‘zida havoning bir qismi qoladi, shu bois rentgenogrammada o‘ziga xos «xiralik» paydo bo‘ladi.

Alveolalarida yetarli miqdorda havo bo‘lgan sog‘lom o‘pka shaffof bo‘ladi. O‘pka alveolalarining qaysidir bir qismida havo yallig‘lantiruvchi suyuqlik bilan almashgan paytdagi yallig‘lanish ancha yaqqol ko‘zga tashlanadigan qorayish sifatida ko‘rinadi. Alveolalarda havo qisman saqlanganida, interstitsiyaning shishishiga «xira shisha» deyiladi.

Yana bir bor ta’kidlayman: bunday o‘zgarishlar nafaqat koronavirusli pnevmoniyada, balki boshqa holatlarda ham uchraydi.

Dorilar bilan davolash, dorilarni tomchilatib kiritish va nebulayzerlar haqida

— Yangi koronavirusli pnevmoniyani qanday davolash maqsadga muvofiq? Doktor tavsiyasida qaysi preparatlar bo‘lmasligi kerak?

— Avval boshida koronavirus infeksiyasi oddiy O‘RVI kabi olib boriladi. Bunda ko‘p suyuqlik ichish, vitaminlar va zarurat bo‘lganida issiqlikni tushuruvchi dorilarni qabul qilish kerak. Namoyon bo‘ladigan alomatlarga qarab, yangi preparatlar qo‘shilishi mumkin.

Bu yerda bakterial infeksiya ikkilamchi bo‘lgani uchun antibiotiklar faqat isitmali qaltiroqdan (harorat 38,5 dan yuqori bo‘lib, besh kundan ortiq saqlanib tursa) keyin yoki laboratoriyada tasdiqlangan mikrobli florada qo‘shiladi. Antibiotiklar ko‘p hollarda himoya qiluvchi sifatida beriladi, shu bois kasalxonadan tashqari pnevmoniyani ambulatoriya sharoitlarida yuritish uchun ma’qullangan antibiotiklar, asosan, ularning tabletkalari beriladi.

Zaxira guruhiga kiruvchi antibiotiklar bilan in’eksiya qilish faqat statsionarda, O‘SVdagi bemorlar uchun amalga oshiriladi. So‘z polirezistent bakteriyalar (boshqa preparatlarning ko‘pchiligiga chidamli bo‘lgan) keltirib chiqargan (ko‘p hollarda bu kasalxona ichidagi flora) kasalliklarda qo‘llanadigan preparatlar haqida bormoqda.

Ularni faqat reanimatsiyalarda, hayot va mamot masalasi turganida, qo‘llash zarur. Bunday antibiotiklarning pala-partish tayinlanishi O‘SV apparatiga ulangan bemorlarda o‘lim darajasi oshishiga olib kelishi mumkin. Bir yildan keyin odamlar sepsisdan, peritonitdan o‘la boshlaydi. Implantlarning, sun’iy bo‘g‘imlarning qo‘shilib ketmasligi darajasi oshadi; stentlar, yurakning sun’iy klapanlari o‘rnatilganidan keyin og‘ir bakterial infeksiyalar rivojlanadi.

Gormonal terapiya faqat nafas olish yetishmovchiligi yuzaga kelganidagina qo‘llanishi kerak. Kasallikning to‘qqizinchi kunidan oldin, qonda sezilarsiz o‘zgarishlar bo‘lganida kamdan-kam hollarda qo‘llanadi. Gormonlar profilaktik ta’sir ko‘rsatmaydi. Uni erta tayinlash kasallikning kechishini yomonlashtirishi mumkin. Qonni suyultiruvchi preparatlar bilan ham xuddi shunday. Ulardan ambulatoriya sharoitlarida davolash uchun foydalanilmaydi.

Immunitetni rag‘batlantiruvchi preparatlardan foydalanish mutlaqo mumkin emas. Yaxshi o‘rganilmagan kasallikda immunitetning boshqarilmaydigan faoliyatini ishga tushirish umuman kerakmas.

Mavjud virusga qarshi vositalardan, samarasi isbotlanmagan dorilardan foydalanish tavsiya etilmaydi. Bundan foyda bo‘lmaydi, jigar va buyrakka qo‘shimcha salbiy ta’sir paydo bo‘lishi, allergiya va boshqa nojo‘ya oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek tarkibida spironolakton bo‘lgan kaliy saqlovchi diuretiklarning kaliy bilan kombinatsiyasi taqiqlanadi. Bu bilan qonda ushbu element miqdorini ko‘tarish va yurak faoliyatini buzish mumkin.

Dorilarni tayinlashdan oldin organizmning yallig‘lanish tizimi holatini, turli a’zolar faoliyatini, boshqa ayrim ko‘rsatkichlarni tekshirish kerak. Biroq faqat MSKTda o‘zgarishlar mavjudligi terapiya uchun asos bo‘lib xizmat qilolmaydi. Odatda men eng kamida umumiy kengaytirilgan qon tahlilini, S-reaktiv oqsil, glyukoza darajasini aniqlashni, koagulogramma tadqiqotini o‘tkazishni tavsiya etaman. Ushbu tahlillarni muayyan davriylik bilan takrorlagan ma’qul. Ko‘p hollarda tekshirishlar ro‘yxati ferritin darajasiga, jigar fermentlariga, kreatinin va boshqa tahlillarni o‘z ichiga oladi.

— Nega dorilarni tomchilatib kiritish nojoiz, umuman ularni qo‘llash mumkinmi?

— Bu davolashning o‘ziga xos ko‘rinishi. U faqat statsionarda, asosan reanimatsiyalarda, odam xushsiz, og‘ir yotganida va mustaqil ravishda suv va ovqat qabul qila olmaganida qo‘llanilishi kerak. Ayrim dorilar faqat sekin va juda sekin tomchilatib quyish ko‘rinishida qo‘llaniladi, tomchilar juda aniq, ba’zida esa maxsus qurilma yordamida dozalanishi kerak. Xususan kimyo terapiyasida ba’zi dorilar, monoklonal antitanachalar shunday tayinlanadi.

Ammo «kapelnitsa» — bu ambulator davolash emas.

Agar yolg‘iz bo‘lmagan, xushi o‘zida bo‘lgan, uzluksiz qusmaydigan bemorga dorini tomchilatib kiritish kerak bo‘lsa, unda bu parvarishdagi nuqsondan dalolat beradi. Uyda oddiy suvdan tashqari har doim turli ichimliklarni, masalan, choy, kompot, ayron tayyorlash va har besh daqiqada bir qultumdan ichishni taklif qilish mumkin. Bu suyuqlikning fiziologik tushishi, normal ishlaydigan buyraklarda u organizmga zarar keltirmaydi.

Men fiziologik eritmani yoki askorbin kislotasi, boshqa vitaminlar bilan glyukozani tomchilatib kiritishdan mutlaqo ma’ni ko‘rmayapman. Nega endi buning o‘rniga bir stakan kompot yoki limonli choy ichmaslik kerak? S vitamini tabletkalar va draje ko‘rinishida ham bor. Bunday «kapelnitsa"larning ma’nosi — «kuchli davolash» degan psixologik samarada, xolos. «Qonni toksinlardan tozalash» funksiyasini buyrak va jigar ham juda yaxshi eplaydi. Agar eplamasa, unda bemorga bu preparatlarni tomchilatib kiritish emas, balki gemodializ tayinlanadi.

— COVID-19 alomatlarida nebulayzerdan foydalanish mumkinmi?

— Biz biror-bir davolash metodidan foydalanganimizda nimaga erishmoqchi ekanligimizni, u yoki bu vosita qanday ta’sir ko‘rsatishini aniq tushunishimiz kerak.

Nebulayzer — bu dorilarni bevosita bronxlarga yetkazuvchi vosita. Qator usullar yordamida dori suyuqligi aerozolga — o‘lchami besh mikrongacha bo‘lgan mayda tomchilarga aylanadi. Eng mayda nafas trubkachalarining diametri ham xuddi shunday.

Odam nafas olganida dori vositasidan iborat aerozol bronxlarga va o‘pkaga yo‘naladi. Nafas chiqarayotganda esa aerozolli zarralar atrofdagi havoga tushadi. Agar odamda virus bo‘lsa, undu u ushbu aerozolli bulutda kattagina miqdorda to‘plangan bo‘ladi. Bunday mayda zarralar juda sekin cho‘kishini inobatga olish kerak. Ular havoda bir necha soat muallaq holatda qoladi. Bu atrofdagilar uchun juda xavfli — yuqtirish xavfi bir necha baravarga oshadi. Bemorning o‘zi ham virusning yangi dozalarini olmagani ma’qul.

Kasallik boshlangan paytda virus yuqori nafas yo‘llarida bo‘ladi. Demak, agar, ingalyatsiya qilishni boshlasak, unda infekt uchun o‘pkaga keng yo‘l ochish xavfi mavjud.

Agar nebulayzerli terapiya ob’ektiv ko‘rsatmalarga ko‘ra tayinlansa, unda maxsus xavfsizlik choralari ko‘rilishi kerak. Masalan, men uni derazalari ochiq va xonaga kiradigan eshigi yopiq balkonda o‘tkazishni tavsiya etaman. Nebulayzer orqali ingalyatsiyani iloji boricha tayyor dozalangan aerozolli kukunli preparatlar bilan almashtirgan ma’qul. Protsedura qulay bo‘lishi va samaradorlikni oshirish uchun tayyor aerozoldan speyser orqali nafas olish mumkin.

— Ingalyatsiya uchun antiseptik preparatlardan foydalanish mumkinmi? Ular shilliq qavatni quritib yuborishi, fibrozga olib kelishi mumkin degan fikr mavjud?

— Antiseptik preparatlar asosan operatsiya paytida, plevral punksiyada tana bo‘shliqlarini yuvish uchun qo‘llanadi. Nazariy jihatdan olganda, ular ingalyatsiyada nafas yo‘llaridagi bakteriyalar, viruslar, zamburug‘larni yo‘q qilishi mumkin. Buni qilish kerak yoki kerak emasligi — bu boshqa masala. Bir paytlar qo‘llarni yuvish uchun antibakterial vositalar juda ommalashib ketgandi. Ularning ommabopligi tezda yo‘qoldi, chunki zaruratsiz teridagi, shilliq qavatlardagi tabiiy bakterial qatlamni yo‘q qilish kerak emasligini aniq bo‘ldi.

Ikkinchi jihat ushbu preparatlar nafas yo‘llari epiteliylariga qanday ta’sir ko‘rsatishi mavzusida tadqiqotlar mavjud emas. Shu bois ehtimoliy fibroz rivojlanishi haqidagi savolga men ha deb ham, yo‘q deb ham javob berolmayman.

Ushbu vositalarga o‘tkir allergik reaksiyalar rivojlanishi ehtimoli mavjud. Xlorgeksidinga allergiya bir necha marta qayd etilgan, bunday holatlar soni oshib bormoqda.

Shuningdek ushbu preparatlarga nisbatan chidamlilik rivojlanishi kabi jiddiy xavf ham bor. Masalan, turli mikroorganizmlarning kasalxona ichida yashaydigan juda ko‘plab shtammlari mavjud, ular ommabop antiseptik eritma — furatsilinda juda yaxshi yashaydi. Agar biz yana dekametoksin va xlorgeksidinga ta’sirchan bo‘lmagan bakteriyalarni ham olsak, unda jarrohlarga yiringli kasalliklarga ega bemorlarni qutqarish qiyinroq bo‘ladi.

Kislorodli konsentratorlar va pulsoksimetrlar

— Agar odamning to‘satdan nafasi bo‘g‘ila boshlansa, tez yordam esa tezroq kelavermasa yoki unga qo‘ng‘iroq qilib tusholmasa, bemorga qanday shoshilinch yordam ko‘rsatish mumkin?

— Qiyin savol. Bunday odamga zudlik bilan kislorod kerak. Shu bois hozir kislorodli konsentratorlarga talab katta.

Uy uchun kislorod izlash yoki kasalxonaga olib boradigan mashina topish paytida bemorni, agar qorni bilan yotmagan bo‘lsa, qorni bilan yotqizish zarur. Derazani ochib, toza havo kirishini ta’minlash kerak. Xona issiq bo‘lmasligi lozim! Hozir ko‘pchilik konditsionerlardan qo‘rqadi. Ammo uni bevosita bemorga qaratmasdan va haroratni juda pasaytirib yubormasdan ham ishlatish mumkin. Salqinroq havodan nafas olish ancha yengil bo‘ladi.

— Kislorodli konsentratorni tanlaganda nimalarga e’tibor berish kerak? Undan maishiy turmushda foydalanish xavfsizmi?

— Bir qoida bor: agar odam kislorodli ko‘makka ehtiyoj sezsa, u statsionarda kuzatuv ostida bo‘lishi kerak. Afsuski, real voqelik har doim ham idealga to‘g‘ri kelmaydi.

Kislorodli konsentrator saturatsiya pasayganida bemorning ahvolini yaxshilashi mumkin. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, asbob daqiqasiga hech bo‘lmaganda besh litrgacha havo berishi, kamida 24 soat ishlashi kerak. To‘plamga albatta bemor uchun burun kanyulyasi va niqob ilova qilinadi, chunki kanyulya orqali nafas olganda kislorodning bir qismi yo‘qoladi.

Fabrika sharoitlarida ishlab chiqarilgan va barcha sertifikatlarga ega bo‘lgan kislorodli konsentrator xavfsiz hisoblanadi. Undan foydalanish bo‘yicha maxsus qoidalar mavjud bo‘lib, ularni oldindan o‘rganish lozim. Umuman olganda esa bu asbob keyin boshqa hech qachon hayotda kerak bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun shaharlarda, tumanlarda kislorod konsentratorlarini ijaraga beradigan punktlar bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Har bir bemor uchun individual tarzda kislorod yetkazish tizimlarigina (silikon trubkalar, kanyulyalar, niqoblar) xarid qilinishi kerak. Eshitishimcha, aynan shu narsalar hozir yetishmayapti.

Nafas olish uchun moslashtirilgan kislorodli ballonlarni tavsiya etmagan bo‘lardim. Ulardan foydalanganda portlash yuz berishi xavfi yuqori.

— Pulsoksimetrlarga ham talab katta. Ularning o‘rniga xuddi shunday funksiyalarga ega mobil ilovalardan foydalanish mumkinmi?

— Mobil ilovalar zarur axborotni unchalik aniq bermasligi mumkin. Biroq pulsoksimetr bo‘lmaganida, hech nimadan ko‘ra ulardan foydalangan ma’qul. Ular hech bo‘lmaganda vaziyatga oydinlik kiritish imkonini beradi.

Kislorodli konsentratorlar holatidagi kabi pulsoksimetrlar ham oddiy hayotda kerak bo‘lmaydi. Ularni bir kishidan ikkinchisiga berish mumkin, ularni zararsizlantirish ham juda oson, shunchaki tarkibida spirt bo‘lgan vositalar bilan ishlov berilsa bo‘ldi.

Kasallik profilaktikasi va u boshdan kechirilganidan keyingi oqibatlar haqida

— Burunni profilaktika sifatida nima bilan chayish mumkin?

— Men xlorid natriy — osh tuzining fiziologik (izotonik) eritmasidan foydalanishni tavsiya etaman. Bu eritmani mustaqil tayyorlash unchalik maqbul emas, chunki konsentratsiyani oshirib yuborish xavfi mavjud. Gipertonik eritma esa shilliq qavatni quritib yuboradi. Uni burundan ko‘p suyuqlik ketadigan davrda qisqa muddat qo‘llash mumkin.

— Odamlar spirt bug‘laridan nafas olyapti, niqoblarni aroqda namlashyapti. Bunday harakatlardan foyda bormi?

— Buni tushunish mumkin. Agar virus spirtga ta’sirchan bo‘lsa va spirt yordamida yuzalardan yo‘q qilinsa, unda nega ham shunday tarzda qo‘llamaslik kerak ekan. Ammo virus epiteliy yuzasida uzoq vaqt turmaydi, u spirt yetib borolmaydigan joyga — hujayraning ichiga kiradi.

Bizning shilliq qavatlarimiz uchun esa spirtning ta’siri juda zararli bo‘lishi mumkin. Spirt oqsillar koagulyatsiyasiga turtki bo‘ladi, «oshlovchi» samarani keltirib chiqaradi. Jarrohlar terida shunga o‘xshash samaraga erishishga harakat qiladi: teridagi teshiklarni yopishadi, ulardagi bakteriyalarni «qamab» qo‘yishadi. Bundan terining holati yomonlashadi, xolos.

Shilliq qavatlar esa undan ham ta’sirchanroq. Bunday ta’sir yuqori nafas yo‘llari epiteliysining tabiiy himoya va tozalash xususiyatlarini buzadi, mahalliy A immunoglobulining darajasini kamaytiradi. Kuchli va/yoki tez-tez qo‘llaganda shilliq qavatlar kuyishi mumkin. Menda shunday bemorlar ham bo‘lgan. Natijada, kutilgan himoya samarasi o‘rniga mutlaqo qarama-qarshi natijaga ega bo‘lamiz, ya’ni virusga qarshi immunitetning birinchi, eng muhim mexanizmini o‘chirib qo‘yamiz.

— Keling, «nima bilan nafas olish kerak?» degan savoldan «buni qanday qilib to‘g‘ri qilish mumkin?» degan savolga o‘tamiz. Pron-pozitsiyalar haqida gapirib bersangiz.

— Pron-pozitsiya — bu qorinda yotish holati. Kovidli pnevmoniyada dastavval o‘zgarishlar o‘pkaning quyi orqa bo‘limlarida yuz beradi. Biz orqamiz bilan yotganimizda ular gipoventilyatsiya holatida turadi, ya’ni kuchsiz ishlaydi. Shunga mos ravishda, ulardagi shish suyuqligi sekin va yomon so‘riladi. Fibrin cho‘kadi, birlashtiruvchi to‘qimalarning ayrim ishlab chiqarilish jarayonlari faollashadi, shu bois zararlanish hajmi oshadi, fibroz ko‘payadi.


Manba: https://www.uptodate.com

Shuningdek, orqa bilan yotganda ko‘krak mushaklari ishlaydi, ko‘krak qafasi ekskursiyasi (harakatlari hajmi) uncha katta bo‘lmaydi. Olinadigan nafas miqdori ham cheklanadi.


Odam qorni bilan yotganida, orqaning kuchli mushaklari ishlay boshlaydi. Bir marta nafas olganda o‘pkaga ko‘proq kislorod tushadi. Shish suyuqligi yaxshiroq so‘riladi, o‘zgarishlar tezroq o‘tib ketadi.

Butun kasallik davomida pron-pozitsiyada yotish tavsiya etiladi. Tunda bu majburiy, kunduzi esa zararlanish darajasiga qarab u qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘proq qorinda yotish kerak. Sog‘aygandan keyin ham bir necha oy davomida qorin bilan yotgan ma’qul.

— Paradoksal nafas nima?

— Uni yana diafragmal nafas ham deyishadi. Qo‘llaringizni qoringa qo‘yib, nafas olganda uning harakatini kuzatishga harakat qiling. Nafas olayotgan paytda qorin ichkariga tortilayotganday bo‘ladi, nafas chiqayotganda esa u bo‘shashadi.


Paradoksal nafasda esa aksincha: nafas olayotgan paytda qorin shishadi, nafas chiqarayotganda tortiladi. Bunday nafasning yaqqolroq namoyon bo‘ladigan varianti — yoga mashqi, yogada u «vakuum» deyiladi.

Uni kuniga bir necha marta qilish mumkin. Asosiysi nafas olish ham, chiqarish ham bir tekis bo‘lishi kerak. Dastavval mashq biroz kuch bilan qilinadi, keyin esa odatiy sur’atda bajariladi.

Paradoksal nafasni odatga aylantirish juda yaxshi hisoblanadi.

— Havo sharlarini shishirgan holda o‘pkani mashq qildirish mumkinmi?

— Havo sharlarini shishirish boshdan kechirilgan koronavirusli pnevmoniyada reabilitatsiya texnologiyasi hisoblanmaydi. Buning sabablaridan biri — katta yoshli aholining 10−15 foizida lateksga allergiya bor.

Koronavirusli pnevmoniyada shikastlanadigan asosiy tuzilma — bu interstitsiy, karkas. Sharlarni shishirish paytida yuzaga keladigan bosimning keskin o‘zgarishlarida, o‘pkaning shikastlangan uchastkalariga jarohat yetkazish ehtimoli mavjud.

Men o‘z bemorlarimga Karolina universiteti gospitali (Shvetsiya) mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan nafas mashqlarini tavsiya etaman. Tomsk (Rossiya) shifokorlari mashqlarning yaxshi to‘plamini taklif qilishgan, video Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Facebook sahifasiga joylashtirilgan.

— Yangi koronavirusli infeksiyani boshidan kechirganlarni qanday oqibatlar kutmoqda?

— Hozircha bu haqda gapirish qiyin — dastlabki kasallanish holatlaridan keyin yetarlicha vaqt o‘tgani yo‘q.

Eng tavsiflangan oqibatlar orasida uzoq vaqt cho‘ziladigan subfebril haroratni, ko‘p miqdorda ter ajralib chiqishini, behollikni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Xotira, diqqat-e’tiborning buzilishi, ishlash qobiliyatining keskin tushib ketishi kuzatilishi mumkin.

O‘pkadagi o‘zgarishlar to‘liq so‘rilishi mumkin, ammo ko‘p hollarda ular uzoq vaqtga saqlanib qoladi. Shu bois qorinda yotish va nafas olish gimnastikasi kamida 3−6 oyga turmush tarziga aylanishi kerak. O‘pka tuzilmasining tiklanishiga faqat shuncha vaqt o‘tganidan keyingina baho berish mumkin.

Hozir ko‘proq ham dori-darmonli (birinchi navbatda, vitaminlar va mikroelementlar qabul qilish), ham fizioterapevtik reabilitatsiya komplekslari, davolovchi jismoniy tarbiya metodlari ishlab chiqiladi, deb o‘ylayman.

COVID-19 ning oqibatlari haqida yakuniy ma’lumotlar faqat bir necha yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Hozir esa uni o‘rganish ishlari davom etmoqda.