12−13 avgust kunlari Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi videokonferensiya shaklida o‘tkaziladi. Forum yoshlar huquqlarini targ‘ib qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlanadi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Forum tashkilotchisi O‘zbekiston hukumati hisoblanib, anjumanni o‘tkazish mas’uliyati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga yuklangan.

Ushbu forum inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilayotgan ikkinchi xalqaro anjumandir. «Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi» deb nomlangan birinchi xalqaro anjuman 2018 yil 22−23 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan.

Bu safar bo‘lib o‘tadigan Samarqand Forumining asosiy maqsadi — yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga taalluqli mavjud xalqaro hamda mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilishdan iborat. Munozaralar jarayonida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha butunjahon dasturini amalga oshirishda yoshlarning roli kun tartibi masalalaridan o‘rin olgan.

Samarqand Forumida BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi. Ushbu Konvensiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ShavkatMirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.

Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiya loyihasi muhokama uchun forumning rasmiy saytida joylashtirilgan.

Samarqand Forumida ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar, jami 300 dan ortiq kishi ixtiyor bildirgan.

Shuningdek tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik, yoshlar tashkilotlari vakillarining faol ishtirok etishi kutilmoqda.