Ikki nafar COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemor vafot etdi, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Xabarda qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 69 yoshli bemor N.Ye. (ayol) va Olmazor tumanida yashagan 49 yoshli bemor D.S. (ayol) o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Bunda, birinchi bemor joriy yil 25 iyul kuni «COVID-19» infeksiyasi tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ikkinchi bemorda ham joriy yil 25 iyul kuni «COVID-19» infeksiyasi tasdiqlangan va bir necha kun davomida tana harorati ko‘tarilganligi, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga ham «COVID-19» infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigani ma’lum qilindi.

Shu bois, hozirgi vaqtga kelib, COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 157 nafarga yetdi.