O‘zbekiston Oliy sudi Straus House kompaniyasi ta’sischisi va rahbariyatiga qarshi sud huqmini e’lon qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchilar I. Isroilov («Straus House» MCHJ ta’sischisi), A. Maxmutaliyev («Straus House» MCHJ direktori), D. Qutpiddinov («Straus House» MCHJ direktori o‘rinbosari) va O. Saidov («Straus House» MCHJ bosh hisobchisi) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi. Ushbu jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi O. Ilhomjonov raisligida ko‘rib chiqildi.

Straus House mansabdor shaxslari Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar bilan 2019 yilning yanvar-aprel oylari davomida 90 kun muddat ichida Janubiy Afrikadan «Ostrich» zotli tuyaqush (straus) jo‘jasini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar rasmiylashtirish orqali ularning ishonchiga kirib, 300dan ortiq fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumon qilingandi.

Shunday qilib, sud jarayoni o‘z yakunini topdi va jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi O. Ilhomjonov raisligida sudlanuvchilarga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra,

  • I. Isroilov O‘zbekiston JKning 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismining «a» bandi bilan oqlanib, O‘zbekiston JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismining «a», «v» bandlari, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) ning 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) ning 1-qismi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  • A. Maxmutaliyev JKning 168-moddasi 4-qismining «a», «v» bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  • D. Qutpiddinov JKning 168-moddasi 4-qismining «a», «v» bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 8 yil 5 oy 26 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  • O. Saidov JKning 168-moddasi 4-qismining «a», «v» bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishi yuzasidan xatlangan mol-mulk tegishli tartibda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar o‘rnini proporsional tartibda qoplashga qaratilishi belgilandi. Bunda, I. Isroilovdan EZOZ MAX va SFS MAX MCHJlarning faoliyati yuzasidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi. Shuningdek, I. Isroilov, A. Maxmutaliyev, D. Qutpiddinov va O. Saidovlardan solidar tartibda Straus House faoliyati yuzasidan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori undirilishi belgilandi.

Jinoyat ishi yuzasidan O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamentining ATIB «Ipoteka bank» Mehnat filiali hisob-raqamida saqlanayotgan hamda xatlangan Pokistonning Chemikals & Marbels Lahore Pakistan kompaniyasiga tuyaqush jo‘jalarini sotib olish maqsadida shartnomaga asosan ko‘chirilgan 1,85 mlrd so‘m miqdoridagi pullar tegishli tartibda yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga proporsional tartibda qaratilishi belgilandi.

Bundan tashqari, sudlanuvchilar I. Isroilov, A. Maxmutaliyev, D. Qutpiddinov va O. Saidovlardan solidar tartibda tegishli tartibda дavлaт foydasiga 222,3 mln so‘m undirilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Straus House ta’sischisi Ibrohim Isroilov firibgarlik ayblovi bilan 2019 yil sentyabr oyida hibsga olingan edi.