20 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 16966 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 34 nafari Karantin марказидаги (barchasi xorijdan kelgan) fuqarolar orasida, 76 nafari Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 32 nafari Andijon viloyatida, 26 nafari Namangan viloyatida, 21 nafari Sirdaryo viloyatida, 11 nafari Qoraqalpog‘istonda, 9 nafari Jizzax viloyatida hamda 5 nafari Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 7599 kishi davolanmoqda. Ulardan 81 nafari og‘ir, 23 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 9279 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, 20 iyul kuni COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 88 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 60 yoshli F.T. (ayol) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 8 iyul kuni «COVID-19» tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiya, qandli diabet kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.