Amerikaning Honeywell UOP kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga «Yevro-5» standartidagi benzin ishlab chiqarish uchun texnologiyalar taqdim etadi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Buxoro NQIZ va Honeywell o‘rtasida texnologik uskunalar hujjatlari paketini ishlab chiqish bo‘yicha bitim va litsenziya shartnomasi ham imzolandi.

Modernizatsiya va qayta qurish loyihasi mavjud quvvatlarni qayta ishlash chuqurligini 79 foizdan 95 foizgacha oshirish, yorug‘ neft mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 77 foizdan 91 foizgacha oshirish va «Yevro 5» standarti talablariga javob beradigan neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.

Mart oyida zavod O‘zbekistonda birinchi bo‘lib «Yevro-4» va «Yevro-5» standartlaridagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqishga kirishgan edi. Birinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvati yiliga 100 ming tonna mahsulotni tashkil etadi.

Avvalroq «O‘zbekneftgaz» Buxoro NQIZda 2019−2025 yillarda 553 mln dollarlik modernizatsiya ishlari olib borilishi to‘g‘risida xabar qilgan edi. Loyiha uch bosqichda amalga oshirilib, unga ko‘ra har yili 2,5 mln tonna neft va gaz kondensati qayta ishlanadi. Natijada 1,2 mln tonna «Yevro-5» standartidagi benzin, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yoqilg‘isi va 30 ming tonna mazut ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha Janubiy Koreyaning SK Engineering kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladi, o‘zbek tomoni va xorijiy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalari hisobidan moliyalashtiriladi.