Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Toshkentda “O‘zbekiston pochtasi” binosi yaqinida, Oloy va Shahrisabz ko‘chalari chorrahasida ko‘p yillik daraxtning noqonuniy kallaklanishi holatini aniqladi.Foto: Nataliya Shulepina / Sreda.uz.

Ko‘p yillik chinorning kallaklanishi bilan bog‘liq vaziyatga jurnalist Abu-Ali Niyozmatov e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tuman obodonlashtirish boshqarmasi vakillari daraxning qurigan shoxlarini kesish vaqtida sog‘lom shoxlarini ham kesib tashlagan. Bundan tashqari, yuk mashinasi tirkamasida boshqa daraxtlarning ham kesilgan shox-shabbalari bo‘lgan.

Daraxtni kallaklash vaqtida shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori ham bo‘lgan va kallaklash to‘g‘risidagi qarorning qonuniy ekanini qayd etgan.

Holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng poytax hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hodisa joyiga keldi. U inspektor va jurnalistga murojaat qilib, masalani sud orqali hal qilishni taklif etdi.

“Agar sen (inspektor — tahr.) ekologni olib kelib, haq ekaningni isbotlasang, uni sudga ber. Agar u (jurnalist — tahr.) isbotlasa, seni sudga bersin. Lekin bilmasdan turib kesmaslik kerak. Siz ham buni bo‘sh gaplarga aylantirmang. Agar daraxtlarni noto‘g‘ri kesgan bo‘lsa, uni (inspektorni — tahr.) himoya qilmayman. Agar siz daraxtlarni noto‘g‘ri kesgan bo‘lsangiz, menga bunday odam kerak emas. Agar siz to‘g‘ri kesgan bo‘lsangiz, xalqqa bunday bloger kerak emas”, — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga daraxtlarni kesishda shaffoflikni ta’minlash, manfaatdor shaxsrlarni oldindan xabardor qilishni topshirdi. Shahar hokimi besh kishidan iborat jamoat komissiyasini tuzish, ularga daraxtni kesishni tasdiqlash yoki qarorni bekor qilish huquqini berishni taklif qildi. U fuqarolardan daraxtlarni kesishga e’tibor qaratish va tegishli tuzilmalarni xabardor qilishni so‘radi.

Keyinroq Obodonlashtirish boshqarmasi vakili Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Abdulhakimov tomonidan imzolangan davlat fondiga kirmagan daraxtlarni sanitar butash to‘g‘risidagi ruxsatnomani taqdim etdi.

Ekojurnalist Nataliya Shulepina hokim o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasining davlat fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni butashga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblarini belgilovchi qarori (№255) talablarini buzganini qayd etdi. Shuningdek, ruxsatnomada butash bo‘yicha aniq manzil ko‘rsatilmagan. Ro‘yxatda esa 28 tup daraxt — 12 tup archa, 8 tup chinor, 1 tup shumtol, 1 tup zarang, 1 tup eman ko‘rsatilgan.

Unign so‘zlariga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi ekologlariga Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari muhri va imzolari bo‘lmagan, biroq kesiladigan manzillari ko‘rsatilgan boshqa bir ro‘yxatni taqdim etishgan.

Qurigan va avariya holatidagi daraxtlarni sanitar kesish uchun ruxsatnoma. Birinchi sahifada 28 tup daraxt ko‘rsatilgan, manzillar ko‘rsatilgan ilovada esa — 30 tup. E’tiborlisi, manzillar ko‘rsatilgan ilovada Oloy va Shahrisabz ko‘chalari chorrahasidagi chinor ko‘rsatilmagan. Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayev “Gazeta.uz"ga qo‘mita Oloy va Shahrisabz ko‘chalari chorrahasidagi daraxtlarni kesish bo‘yicha xulosa bermaganini ma’lum qildi.

“Tush vaqtida men murojaatni oldim, daraxt kesilgan joyga taxminan 15:00 da bordik. Tushgacha hokim va boshqalar borishgan ekan. Biz o‘rganishga kirishdik, hujjatlarni tekshirdik. Obodonlashtirish boshqarmasidan ularda daraxtlarni kesishga ruxsatnoma va Ekologiya qo‘mitasi inspektorlari xulosasi borligini aytishdi. Biz ulardan xulosani talab qildik, u boshqa manzilga berilgan bo‘lib chiqdi. Ekologiya qo‘mitasi ushbu manzilda daraxt kesishga hech qanday xulosa bermagan”, — dedi u.

Guvohlar ishtirokida bayonnoma tuzilib, u huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi, motorli arra esa daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Kesilgan daraxtlar soni, zarar va jarima miqdori vaziyat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘rganilganidan keyin aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrga qadar davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan qimmatbaho daraxt va butalarni kesishga moratoriy joriy etilgan. U tabiiy omillar yoki zarakunandalar ta’sirida zararlangan, kasallangan yoki qurigan, shuningdek, odamlar xavfsizligi va salomatligi, mol-mulklarga xavf solayotgan daraxt va butalarni sanitar butash va kesishga taalluqli emas.