Toshkentda qandli diabet va jigar sirrozi bilan og‘rib kelgan bemor koronavirusga chalinib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Uchtepa tumanida yashovchi 65 yoshli ayol S.Q.da joriy yil 9 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi bilan kechgan.

U, shuningdek, qandli diabet, gipertoniya va jigar sirrozi kasalliklari bilan ham og‘rib kelgan. Shifoxonada bemorning davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 62 nafarga yetdi.