Juma va shanba kunlari O‘zbekistonda havo biroz o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Sharqiy Qozog‘istondan kirayotgan biroz salqin havo oqimi O‘zbekistonda kunduzgi haroratning pasayishiga olib keldi. Juma va shanba kunlari kunduzi havo harorati 32−35 darajani, Respublika shimoli, janubi va cho‘l zonasida esa 37−39 darajani tashkil qiladi. Tungi harorat 19−24 daraja atrofida saqlanib qoladi. Ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrga kuchayishi mumkin.

Yakshanba kuni O‘zbekistonning tekislik hududida ob-havo quruq va ochiq bo‘ladi, faqat respublikaning tog‘li tumanlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Nisbatan salqin havo oqimi ta’siri yakshanba kuni ham saqlanib turadi. Havo harorati kechasi 19−24 daraja atrofida, kunduzi 32−37 daraja bo‘ladi, mamlakatimiz janubi va cho‘l zonasida 39 darajagacha isiydi. Bunday haroratlar kunning iqlimiy me’yorlariga yaqin, deya ta’kidladi sinoptiklar.