Maktablarda o‘quv yilining onlayn ta’lim shaklida boshlanishi to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar yo‘q. Bu haqda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

XTV rahbarining ta’kidlashicha, agar sentyabr oyiga qadar mamlakatda epidemiologik vaziyat yaxshilanadigan bo‘lsa, maktablarda darslar boshlanadi.

“Ta'kidlash joizki, bolalar maktabga borganlarida ham darslar televizor orqali namoyish etilaveradi. Bu pandemiya bilan bog‘liq emas. Maqsad — sifatli darslarni translyatsiya qilish orqali chekka hududlarga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishdir”, — dedi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, u onlayn darslarning samaradorlik darajasi haqida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar boshlang‘ich sinflarda onlayn ta’lim amaliyoti o‘zini oqlaganida edi, barcha mamlakatlar ushbu tizimga ancha oldin o‘tishgan bo‘lardi.

Eslatib o‘tamiz, umumta’lim maktablarining birinchi sinflariga hujjatlarni qabul qilish onlayn tarzda 6 iyuldan boshlandi. Umumiy hisobga ko‘ra, bu yil 650,1 ming nafar birinchi sinf o‘quvchilarini qabul qilish rejalashtirilgan.