8 iyul kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi hukmi bilan qamoqdan ozod etildi va unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi to‘liq to‘xtatildi, deya ma’lum qildi uning advokati Arslon Shaymardonov «Gazeta.uz»ga.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 10 may kuni O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblangan va unga nisbatan ish ko‘zg‘atilib, Davlat xavfsizlik xizmatining tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

«Fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmati organlariga murojaat qilishdi (jabrlanuvchilarni himoya qilish zarurati tufayli ismlar e’lon qilinmaydi), Yusupov o‘zini maxsus xizmatlar xodimi sifatida tanishtirib, ulardan firibgarlik bilan 65 ming, 28 ming va 15 ming AQSh dollarini olgan», — deya xabar qilgan edi shunda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Shundan bir ozdan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Said-Abdulaziz Yusupovning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Videomurojaatda Yusupov unga nisbatan tuhmat va tazyiqlar o‘tkazilayotgani haqida so‘zlaydi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 211 (pora berish) va 28 (jinoyat ishtirokchilarining turlari) moddalar bo‘yicha jinoyatlarda ham ayblangan. «Gazeta.uz» ushbu sud ishi haqida batafsil yozgandi.

2019 yil 7 iyun kuni ayblanuvchining onasi Jamila Bakayeva Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan qabul qilinganida, tergov davomida o‘g‘liga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani, shu sababli u o‘g‘lining advokati ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni talab qildi. Ammo Bosh prokuratura tekshiruvi paytida qiynoq alomatlari topilmadi.

2019 yili sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Said-Abdulaziz Yusupovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud boshlandi. Sudning hukmiga ko‘ra, ayblanuvchiga 6 yil qamoq jazosi berildi.

Mazkur masala yuzasidan advokati Arslon Shaymardonovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, noyabr-dekabr oylarida sudda kassatsiya shikoyatida ko‘rib chiqilishi jarayonida Said-Abdulaziz Yusupov jinoiy ish bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplaganidan keyin ozodlikka chikarilishi belgilangan edi, ammo «texnik sabablarga ko‘ra» bu amalga oshirilmadi.

«O‘sha hukm bo‘yicha prokuror 8 yil so‘ragandi, 6 yil qamoq jazosi berildi. Biz zararni qopladik va u ozodlikka chiqarilishi kerak edi. Keyin yana boshqa narsa qidirib topilib, yangi epizodlar ochilib, yana boshqattan uni qamoqqa tiqib qo‘yishdi. Demak, shu payt kimgadir uning chiqishi kerak bo‘lmagan», — deya ta’kidladi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tarzda 2019 yil may oyidan shu bugungi kunga qadar tergov jarayoni davom etdi. Said-Abdulaziz Yusupov ushbu muayyan davr davomida DXX tergov izolyatorida bo‘lgan.

«O‘rtada u Toshturmaga „mehmon“ bo‘lib keldi ikki haftaga, keyin ham davolandi bir nechta marta. Xudoga shukur, yaxshi tashkilotlar uni davolab berishdi tekinga (uning qon-tomir kasalligi bo‘lgan — tahr)», — dedi Arslon Shaymardonov.

8 iyul kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi o‘zining qamoqqa olish chorasini o‘zgartirib, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi va u sud zalidan ozod etildi.

«Uning qamoqqa olish chora o‘zgartirildi. U ozodlikka chiqdi. Bilmayman, qanday yetkazilgan zarar u, lekin yetkazilgan zarar qoplandi va shu bilan u ozodlikka chiqdi. Zarar miqdorini aytolmayman. Hozirda Said-Abdulaziz Yusupov uyda, o‘zining oila a’zolari va bolalari bilan birga», — dedi uning advokati.