Toshkentda avtomashinalarni jarima maydonidan chiqarib olish uchun onlayn tizim sinov tariqasida ishga tushirildi. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanalida ma’lum qilindi.

“YHX qoidalarini buzgan haydovchiga inspektor tomonidan mashinaning jarima maydoniga olinishi to‘g‘risida protokol tuziladi. Ushbu protokol ma’muriy bo‘limga yuboriladi, shundan so‘ng u avtomatlashtirilgan tizimga kiritiladi”, — dedi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘limi boshlig‘i Ilhom Idirov.

Protokol DYHXX saytida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng, haydovchining telefon raqamiga jarimaning miqdori va avtomobil joylashgan to‘xtab turish joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuboriladi.

Tizimning yana bir afzalligi shundaki, haydovchi onlayn rejimda barcha zarur hujjatlarni inspektorga taqdim qilishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, inspektor qonunbuzarlik uchun jarima miqdori to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda ma’lumotni saytga joylashtiradi. Qoidabuzar jarimani elektron tizim orqali yoki eng yaqin bank kassalari orqali to‘lashi mumkin.

Agar tizim sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, u butun respublika bo‘ylab amalga oshirilishi rejalashtirilgan.