O‘zbekiston prezidentning 3 iyul kuni qabul qilgan qaroriga asosan sog‘liqni saqlash vazirining to‘rt nafar o‘rinbosari tayinlandi, deya xabar berdi vazirlikning matbuot xizmati.

Elmira Basitxanova

Qarorga ko‘ra, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Elmira Basitxanova sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

E. Basitxanova 1958 yilda tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tamomlagan, tibbiyot fanlari doktori.


Ma’lum qilinishicha, Elmira Basitxanova Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida faoliyatini boshlagan va ko‘p yillar bosh shifokor sifatida, shuningdek, bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, so‘ng Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Ulug‘bek Sabirov

Prezident qarori bilan Ulug‘bek Sabirov ham sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

Tayinlovga qadar, U. Sabirov 2013 yildan ayni paytga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimida samarali faoliyat yuritib kelgan.


Ma’lumot uchun, Ulug‘bek Sabirov 1974 yilda tug‘ilgan. 1997 yilda Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning davolash ishi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, tibbiyot fanlari doktori. Ko‘p yillar davomida u Dermatologiya va venerologiya ilmiy tekshirish institutida turli lavozimlarda ishlagan.

Shaxrux Sharaxmetov

Bundan tashqari, prezidentining qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga Moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib kelayotgan Shaxrux Sharaxmetov tayinlandi.


Ta’kidlanishicha, shu vaqtgacha ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelgan Baxodir Nizomov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etildi.

Ma’lumot uchun, Sh. Sharaxmetov 1977 yilda tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1999 yilda esa Buyuk Britaniyaning Ekseter universitetini iqtisodchi, moliya va investitsiyalar mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Abdulla Azizov

Navbatdagi to‘rtinchi tayinlov qatorida sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga Abdulla Azizov tayinlandi.

Tayinlovga qadar A. Azizov 2006 — 2019 yillarda Daniyada qator nufuzli kompaniyalarda mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2019 yil sentabr oyidan ayni paytga qadar Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.


A.Azizov 1981 yilda tug‘ilgan. 2003 yilda Yaponiyaning Nagoya universitetini, 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan. Shuningdek, Daniyaning Orxus universiteti magistraturasini, Orxus texnika kollejini IT-dasturchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu yo‘nalishda mehnat faoliyatini boshlagan.

Xabar to‘ldirilmoqda.