Hindistonning elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi Xitoy kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan 59 ta mobil ilovalarini, shu jumladan, TikTok, WeChat messenjerini va Twitter ning xitoycha analogi, Weibo mikrobloglar xizmatini taqiqlab qo‘ydi, deya xabar beradi The Economic Times.

Hindiston hukumati ushbu ilovalar «mamlakat suvereniteti va yaxlitligiga, mudofaa, davlat xavfsizligi va jamoat tartibiga zarar yetkazadigan faoliyat bilan shug‘ullanishini» bildirdi.

Shuningdek, ta’qiqlangan mobil ilovalar qatorida ShareIT, UC Browser, Likee, Clash of Kings, Helo kabi ilovalar ham bor. Ta’kidlanishicha, ushbu ilovalar foydalanuvchilarning juda katta qismini aynan hindistonliklar tashkil qiladi (taxminan 30%). Ushbu taqiq oqibatida Xitoy mobil ilovalari hidistonlik 300 million foydalanuvchisini yo‘qotadi.

Hindiston hukumatining ta’kidlashicha, ba’zi ilovalar «foydalanuvchi ma’lumotlarini o‘g‘irlash va yashirin ravishda Hindistondan tashqaridagi serverlarga uzatish uchun» ishlatilayotganligi to‘g‘risida ko‘plab xabarlar olingan.

Taqiq qo‘yilganiga qaramasdan, ro‘yxatdagi barcha ilovalar Hindistondagi Google Play va App Store marketlarida yuklab olish uchun ochiq turgani ma’lum qilinadi.

Hindiston TikTok ning eng yirik bozorlaridan hisoblanadi: 2020 yil aprel oyida dasturning 2 milliard marta yuklab olinishining 30 foizini hindistonlik foydalanuvchilar amalga oshirgan. Ushbu taqiq Hindistonda smartfonlarning har uchinchi foydalanuvchisiga ta’sirini o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, TikTok karantin davrida O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olingan dasturlardan biri bo‘ldi, deya xabar bergan Spot.uz.