“Toshkent shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylandi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2020−2030 yillarga Toshkentning yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi. Poytaxt hokimligiga esa O‘zbekiston hukumati kafolati ostida poytaxtning yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 15 yillik muddatga 200 million dollargacha qiymatda kredit mablag‘lari taqdim etiladi.

Shuningdek, Bektemir va Sirg‘ali tumanlarihududlaridan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining 16 kilometrlik qismini 65−80 metrgacha toraytirish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarini elektron auksion orqali sotish taklif etilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, Toshkent shahrida umumiy uzunligi 656 kilometr bo‘lgan piyodalar va velosipedlar yurish yo‘llarini qurish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahar hokimligiga mazkur ikki loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun 2023 yilgacha muddatga 1 trln so‘m foizsiz ssuda ajratiladi

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi qarorida ko‘zda tutilgan 2021 yil 1 yanvarga qadar belgilangan imtiyozlar (“Business city” markazlari qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun) 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi. Bular qatoriga quyidagi imtiyozlar kiradi:

  • investorlar — mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan;
  • bosh pudratchi va bosh loyiha tashkilotlari — O‘zbekiston norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (ko‘rsatiladigan xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan;i
  • tashkilotlar-norezidentlar — ham doimiy muassasa, ham O‘zbekistonda to‘lov manbasi orqali olinadigan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lashdan;
  • direksiyalar, investorlar, bosh pudrat tashkilotlari — O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun bojxona to‘lovlarini (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) to‘lashdan;
  • direksiyalar “Business city” markazlari faoliyat ko‘rsatishining butun davrida soliqlarning barcha turlari va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod qilinadi.

Ishbilarmonlik markazlari va biznes-inkubatorlar

Shuningdek, mazkur qaror loyihasida Toshkent shahrida bir qator ishbilarmonlik markazlari va biznes-inkubatorlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Xususan, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida bo‘sh turgan va samarasiz ishlatib kelinayotgan inshootlar negizida “Ishbilarmonlik markazlari”ni yaratish taklif etilmoqda.

Turli yo‘nalishlarda malakaviy o‘quv kurslarini tashkillashtirish, band bo‘lmagan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda xorijdan kelayotgan fuqarolarga moslashishda yordam berish yo‘li bilan Toshkent shahrining band bo‘lmagan aholisini ishga joylashtirishni ta’minlash markazlarning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Qaror loyihasida ta’kidlanishicha markazlar Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan tashkil etiladi va kichik sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha Toshkent shahar direksiyasining filiallari hisoblanadi.

Bundan tashqari, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi “Inxa” universiteti filiallari va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida biznes-inkubatorlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Biznes-inkubatorlarning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilangan:

  • talabalar va yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish uchun rag‘bat yaratish, talabalarga ilmiy guruhlarda, ixtisoslashgan korxonalarda yuqori texnologiyali bozorga mos mahsulotlar va texnologiyalarni yaratishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarida o‘qish bosqichi davomida ishtirok etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
  • axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlarni va xizmatlarni ishlab chiqilishini va ishlab chiqarilishini rivojlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorda oldinga surish, innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish;
  • talabalar va yosh olimlarning kichik korxonalarda va yirik biznes-tuzilmalarning bo‘linmalarida ishlash uchun ta’lim olish bosqichida bozor sharoitlariga ko‘niktirish;
  • talabar loyiha guruhlarini va ularning asosida yangi tashkil etilgan kichik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va maksimal darajada yashab qolishini ta’minlash, imtiyozli shartlarda maxsus jihozlangan xonalarni taqdim etish, jumladan kollektiv foydalanish uchun biznesni tashkillashtirish va yuritish bo‘yicha ta’lim va maslahat xizmatlari majmuasini ko‘rsatish orqali ilg‘or texnologiyalarni ommalashtirish va ilmiy bilimlarni tijoratlashtirish.
  • yangi ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish.

Biznes-inkubatorlarga biriktirilgan banklar ro‘yxati. Manba: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali

Shu bilan birga, biznes-inkubatorlar 2023 yil 1 avgust kuniga qadar daromad solig‘i, yer solig‘i va mulk solig‘i, shu jumladan biznes-inkubatorlarning rezidentlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida import qilinadigan asbob-uskunalar, xom-ashyo va komponentlar uchun qonunchilik bilan belgilangan stavkalarni 50 foizini to‘laydilar.

Amaldagi qonunchilik bilan belgilangan holatlardan tashqari tadbirkorlik sub’ektlariga soliqlar bo‘yicha avans to‘lovlarini amalga oshirish taqiqlansin.

Karor loyihasi muhokamalari 13 iyulga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 4 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining transport konsepsiyasi bilan tanishgandi. Unga ko‘ra, ustuvorlik piyodalar, velosipedlar va jamoat transporti harakatiga berilishi belgilangan.

“Bizning yo‘llarda transport vositalariga ko‘p ustuvorlik berilgan. Aslida piyodalar harakatini, odamlarning halovati, salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak”, — deya ta’kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.