Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ohangarondagi do‘konlarning birida kelib chiqqan yong‘in bartaraf etiganini ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 28 iyun kuni soat 14:15 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Ohangaron shahar, “Guliston” MFYda joylashgan ko‘p qavatli uyning 1-qavatidagi do‘konda yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Buning oqibatida ushbu hududning 190 m.kv. maydoni, ya’ni, do‘konning shifti va ichki jihozlari hamda oziq-ovqat mahsulotlariga zarar yetgan.

“Mazkur xabar yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, yong‘inni o‘z vaqtida bartaraf etadilar. Qutqaruvchilarning sa’y-harakatlari natijasida 90 m.kv. saqlab qolindi”, — deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga asosan hodisaning kelib chiqishiga “Damas” hamda “Zil"-130 rusumli avtomobillarining to‘qnashuvi sabab bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, kelib chiqqan yong‘inda halok bo‘lgan va jabrlangan fuqarolar bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.