Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi amalga oshirilgan choralarni ijobiy baholadi. Bu haqda Davlat departamentining rahbari 2020 yil uchun Odam savdosi to‘g‘risidagi hisobotiga bag‘ishlangan anjumanda ta’kidlab o‘tdi.

“Markaziy Osiyoda ba’zi hukumatlar uzoq vaqtdan beri odamlarni paxta sanoatida va boshqa sohalarda o‘z aholisini majburiy mehnatga jalb qilishardi. O‘zbekistonning bu boradagi muhim sa’y-harakatlari mintaqadagi boshqa davlatlar uchun yangi standartni yaratmoqda”, — dedi Maykl Pompeo.

Shu bilan birga, Davlat kotibi AQSH hukumatlar homiyligida amalga oshiriladigan odam savdosiga yo‘l qo‘ymasligini va bu singari hukumatlarni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.

“Biz hukumat homiyligida amalga oshiriladigan odam savdosiga jiddiy qaraymiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z fuqarolarini zulmga duchor qilish singari odam savdosi siyosati yoki modelini ilgari suradigan har qanday hukumat bilan birga bo‘lmaydi”, — deya qayd etib o‘tdi Pompeo.

Eslatib o‘tamiz, 17 iyun kuni Oliy Majlis Senati raisi boshchiligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi majlisi bo‘lib o‘tgandi. Unda Tanzila Norbayeva odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 22 foizga kamaygani haqida ta’kidlab o‘tgandi. Shu bilan birga 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan bo‘lsada, bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar yuqoriligicha (43 foiz) qolayotganini ma’lum qilgandi.