O‘zbekiston biofizikasining asoschilaridan biri, yirik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida olamdan o‘tdi, deya xabar beradi Fanlar akademiyasi.

Atoqli yozuvchi Oybekning o‘g‘li bo‘lgan Bekjon Toshmuhamedov 1935 yil Toshkentda tug‘ilgan. Biolog-fizik olim Moskva universitetining biologiya-tuproqshunoslik fakultetini tugatgan. ToshDU da kichik ilmiy xodim, biokimyo va biofizika kafedrasi dotsenti, O‘zbekiston FA yadro fizikasi va Biokimyo instituti biofizika laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishlagan.

Bekjon Toshmuhamedov, shuningdek, ToshDU biofizika va atrof muhit muhofazasi kafedrasi mudiri, O‘zbekiston FA Fiziologiya institutida direktor, bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston FA Prezidiumi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

“Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Bekjon Toshmuhamedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi” — deyiladi Fanlar akademiyasi xabarida.