Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari kapital amnistiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni taklif etishdi, deya xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati. Ushbu taklif Oliy majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan videomuloqot seminarida muhokama qilindi.

Markaziy bank tomonidan chop etilgan O‘zbekistonning to‘lov balansi, xalqaro investitsion holati va tashqi qarzi to‘g‘risidagi nashriga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar va aholining oxirgi uch yildagi depozitlar qoldig‘i 11,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi.

“Mazkur mablag‘ oxirgi uch yilda chet eldan yuborilgan pul o‘tkazmalaridan iborat bo‘lib, uning asosiy qismi aholi uyida saqlanayotgan yoki bugungi kunda asosan banklarga rasmiy sotilmasdan ulushi 50 foizdan ortiq deb taxmin qilinayotgan “xufiyona iqtisodiyot"da aylantirilayotgan bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Ekspertlar fikricha, “xufiyona iqtisodiyot"da aylantirilayotgan mablag‘larni jalb qilish uchun ular legalizatsiya qilinishi, belgilangan davr uchun “kapital amnistiyasi” e’lon qilinishi yaxshi natija beradi. Deputatlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda kapital amnistiyasi parlament tomonidan qonun shaklida qabul qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Qonun shaklida qabul qilingan hujjat “fuqarolarda ko‘proq ishonch uyg‘otadi va parlament nazorati uchun ob’ekt bo‘ladi”.

Bundan tashqari, seminar ishtirokchilar mamlakatda fuqarolar daromadlarini majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘mita taklifini muhokama qildilar. Qayd etilishicha, ushbu tizim aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab, odilona soliq solish tizimini yaratadi va norasmiy iqtisodiyotni aniqlashga yordam beradi.

“Xufiyona sektor hajmining qisqarishi ko‘p jihatdan institutsional muammolarni hal qilishga ham bog‘liq bo‘ladi, ya’ni ularning huquq va erkinliklarining yetarli darajada himoyalanganligi kiradi”, — deya ta’kidlanadi xabarda.