Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ota-onalarga murojaat bilan chiqdi, deya xabar berdi Senatning axborot xizmati.

Parlament yuqori palatasining rahbari har bir ota-ona o‘z farzandlarining ta’lim-tarbiyasi uchun mas’ulligini eslab o‘tib, “bugungi o‘quvchi ham, ota-onalar ham kechagi emas”, deya qayd etdi

Tanzila Narbayeva farzandining arzimagan shikoyati uchun maktabga yugurib kelib o‘qituvchiga “tashlanish"dan ko‘pchilik ota-onalar uyalmay qo‘yganini va bu esab o‘z o‘rnida, jamiyatda o‘qituvchi maqomining obro‘sizlanishiga olib kelayotganini ta’kidladi.

“Hurmatli ota-onalarga murojaat qilmoqchiman: farzandim hayotda o‘z o‘rnini topishda qiynalmasin, mustaqil fikrli, mulohazali inson bo‘lib voyaga yetsin, desangiz bolangiz qalbida o‘qituvchiga ehtirom hissini tarbiyalang va o‘zingiz ham ustozlarni e’zozlang. O‘qituvchi o‘quvchi yoki uning ota-onasi tomonidan oyoqosti qilinadigan odam emas, balki ziyo tarqatuvchi inson, kerak bo‘lsa hammadan bir pog‘ona yuqori turuvchi shaxsdir”, — dedi Senat raisi o‘z murojaatida.

Albatta, qonunda javobgarlik belgilab qo‘yish bilan bu kabi muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Bu ijtimoiy ong darajasiga yetishi, umummilliy harakatga aylanishi kerak, dedi Tanzila Narbayeva.