Metrolardagi umumiy ventilyatsiya tizimi koronavirus infeksiyasi tarqalish xavfini oshirishi sababli metroga ruxsat berilmadi, deya ma’lum qildi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifing davomida.

Kelib tushgan savollar qatorida, «Nima sababdan avtobuslarga ruxsat berildi-yu, metroga esa yo‘q?» savoliga Nurmat Otabekov quyidagicha javob qaytardi:

«Metroga ruxsat berilmagani sababi, metroda havo tozalash tizimi umumiy. Shunday ekan, havodagi koronavirus qo‘zg‘atuvchisi butun metro harakati yo‘nalishidagi stansiyalarni barchasiga tarqalishi ehtimoli borligi nuqtai nazaridan hozircha bunga ruxsat yo‘q».

Shu bilan birga, bu masala kelgusida qo‘rib chiqilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi davlat inspeksiyasi bosh inspektori.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan 8 iyundan boshlab «sariq» va «yashil» hududlarda karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda avtobusda harakatlanishga ruxsat berilgandi.