Vazirlar mahqamasining qaroriga binoan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islamovga yangi tashkil etilgan Geologiya fanlari universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi «Gazeta.uz» ga ta’kidlashicha, Bobir Islamov bir vaqtning o‘zida ham universitetga rektorlik ham qo‘mitaga raislik qiladi.

Geologiya fanlari universiteti

Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil qilingandi.

Unga ko‘ra, universitet Davlat geologiya qo‘mitasi tizimiga qarashli bo‘lib, tog‘-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yo‘nalishidagi malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo‘yicha respublikaning ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Universitetga qabul qilish va o‘qish 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanib, unda talabalar O‘zbekiston davlat ta’lim standartlari asosida geologiya va konchilik yo‘nalishidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq o‘qitiladi.

Shu bilan birga, universitet huzurida Geoinnovatsion texnologiyalar markazi ham tashkil etiladi va unda quyidagi vazifalarni bajarilishi belgilangan:

  • yer qa’rini geologik o‘rganish, oqilona foydalanish va muhofaza qilish sohasida tadqiqotlar va ishlanmalarni yanada rivojlantirish uchun ilg‘or ilmiy-texnik baza yaratiladi va samarali faoliyat yuritiladi;
  • mineral xomashyoni o‘rganishning eng yangi usullarini va texnologiyalarini egallagan malakali kadrlarning yangi avlodi tarbiyalanadi;
  • pirovard natijada, yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish va moddiy qiymatlarni qayta to‘ldirishga yo‘naltirilgan ixtirochilik g‘oyalari va loyihalari shakllanishi uchun noyob tadqiqot maydonchasi, izlanuvchanlik va ixtirochilik muhiti yaratiladi;
  • global innovatsion tizimga integratsiya qilish, zamonaviy raqobatbardosh usullar va texnologik yechimlar yaratish uchun investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga, shuningdek, ilmiy-texnik va innovatsion dasturlarda, xalqaro konkurslar va grantlarda faol qatnashishga imkoniyatlar yaratiladi.

Universitet huzurida yetakchi geologiya va konchilik yo‘nalishidagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining maxsus umumta’lim va bazaviy texnik fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan Boshlang‘ich muhandislik tayyorlash markaziни tashkil etiladi.

Universitet huzuridagi Boshlang‘ich muhandislik tayyorlash markazi bitiruvchilari o‘z o‘qishlarini mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasining nufuzli ta’lim muassasalari bilan kelishuviga asosan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetida yoki Universitetda davom ettirishi belgilangan.

Prezident qarorida belgilanishicha, universitet 2020−2021 o‘quv yilida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Sankt-Peterburg davlat universitetining filialini hamda Yaponiya raqamli universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihalari muhokamaga qo‘yilgandi.