Payshanba kuni O‘zbekistonda 118 holatda koronavirus infeksiyasi qayd etildi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Yangi holatlarning 70 tasi Karantin muassasalarida (jumladan, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida bir yo‘la 28 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan), 39 tasi aholi orasida (shundan Navoiy viloyatidan 18 nafar, Toshkent shahridan 17 nafar, Namangan viloyatidan 3 nafar hamda Toshkent viloyatidan 1 nafar), qolgan 9 tasi xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida aniqlangan.

️Avval xabar qilinganidek, bugun 105 nafar fuqaro sog‘aydi. Hozirda kasallik qayd etilgan jami 4741 nafar bemordan 3637 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 76 foizni tashkil etmoqda.

️Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1085 nafar bemordan 10 nafari og‘ir, 2 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Shu kungacha jami 458 539 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ularning 411 033 nafari karantindan chiqarilgan.

️Hozirda mamlakatda uy karantinida 23 923 nafar, statsionar karantinda esa 23 583 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.