9 iyun kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Botken viloyati gubernatori Alisher Abdurahmonov ishtirokida amaliy uchrashuv o‘tkazildi, deya xabar beradi Farg‘ona viloyati hokimligining matbuot xizmati.

Qirg‘izistonning Botken viloyati rahbariyati tashabbusi bilan uyushtirilgan mazkur uchrashuvda Qirg‘iziston delegatsiyasi a’zolari mamlakat hududidan anklav So‘x tumani hamda Shohimardon va Yordon qishloqlariga aholining erkin borib-kelishida hech qanday to‘siq yoki muammolar бўлмаслигини, bu hududlarga oziq-ovqat, xalq iste’moli va qurilish mollari yetkazuvchi yuk mashinalarining harakati chegaralanmasligini alohida ta’kidlab o‘tdi, deyiladi xabarda.

Muzokaralar chog‘ida har ikki tomon vakillari So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan voqealar O‘zbekiston va Qirg‘iziston, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga ta’sir qilmasligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi «Chashma» uchastkasida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh hududlari aholisi o‘rtasida nizo kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, 6 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahriga bo‘lgan tashrifi davomida «So‘xdagi voqealar qirg‘iz xalqi bilan do‘stligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga ta’sir qilmasligi kerak», — deya ta’kidlagan edi.