5 iyun kuni O‘zbekiston Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov kollegiyasi «Yangiobod. Chotqol marvaridi» sayyohlik bazasining nazorat shikoyatini qanoatlantirdi. «Gazeta.uz» muxbiri Sabina Bakayeva sud majlisida qatnashdi.

Ish bo‘yicha sudyalar kollegiyasi tarkibida Zarif Qurbonov, Maxmud Eshimbetov va raislik qiluvchi sudya Shaxnoza Axatovalar ishtirok etishdi. Bosh prokuratura vakili sifatida katta prokuror Shaxnoza Umarova ishtirok etdi. Majlisda Toshkent viloyati hokimining vakili Aziz Odilov hamda biznes-ombudsman vakillari Alisher Holiqov va Sardor Abduraxmonovlar ishtirok etishdi.

2019 yil 25 yanvarda Toshkent viloyati hokimi turbazani davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. 2019 yilning mart oyida turbazi egasi Ali To‘xtayev sudga qaror ustidan shikoyat qilgan edi, lekin Nurafshon shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi hokim qarorini bekor qilmadi. Aprel oyida Toshkent viloyat ma’muriy sudlar bo‘yicha sudyalar kollegiyasi ham hokimlik hukumatning turbaza bo‘yicha «maxfiy» buyrug‘ini taqdim etishdan bosh tortganiga qaramay, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishdi.

Tadbirkor Ali To‘xtayev Oliy sudga birinchi instansiya sudi va apellyatsion instansiyalarning «noqonuniy va asoslanmagan» qarori ustidan nazorat shikoyati bilan murojaat qildi. Birinchi majlis 1 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.

Biznes-ombudsmanning vakili Alisher Holiqov Toshkent viloyat hokimiyati ob’ektni olib qo‘yish bo‘yicha qarorga kelganida mulk egasining roziligi olinmaganligi bois, suddan birinchi va apellyatsion instansiyalarning qarorini bekor qilishni so‘radi. Bu Yer kodeksi normalari, investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha prezident qarorlari, mulkchilik huquqlarining himoya qilinishi to‘g‘risidagi qonunning buzilishiga olib kelishi bildirildi.

Alisher Holiqov hokim qarorida «Yangiobod» turbazasini olib qo‘yishdan aniq maqsadlar ko‘rsatilmaganligini aytib o‘tdi.

Hokim vakili Aziz Odilov ish bo‘yicha materiallar orasida hokim qarori hukumatning maxfiy topshirig‘iga asosan qabul qilinganligi to‘g‘risida Toshkent viloyati hokimiyatining xati borligiga e’tibor qaratishni so‘radi.

Sudya Shaxnoza Axatova hokimiyatda Vazirlar Mahkamasi qarorlarining nusxalari saqlanishi kerakligini aytdi. Aziz Odilov nusxalar borligini, lekin topshiriq «yopiq xat» ekanligini ta’kidladi.

«Hukumat topshiriqlari maxfiy bo‘lishi mumkinmi? Bu qaror emasku», — dedi Shaxnoza Axatova.

Turbaza yuristi Azimjon Raxmatov suddan birinchi va apellyatsion instansiyalarda ishtirok etgan Toshkent viloyati hokimining oldingi vakili topshiriq maxfiy emasligini hamda xizmat yuzasidan foydalaniladigan hujjat emasligini aytganligini inobatga olishni so‘radi.

Aziz Odilov oldingi instansiyalar ishni ko‘rib chiqqanida, hujjat maxfiy maqomda bo‘lmaganligini aytdi. Shuning uchun, hokimning oldingi vakiliga bu ma’lum bo‘lmagan.

Shundan so‘ng, prokuror Shaxnoza Umarova oldingi instansiyalar qarorini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘radi. Sudlov kollegiyasi yig‘ilish uchun chiqib ketishdi.

Sudya Shaxnoza Axatova Nurafshon shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudining 2019 yil 19 martdagi va Toshkent viloyati ma’muriy ishlar bo‘yicha sudning 2019 yil 30 apreldagi qarorlarini bekor qilish, «Yangiobod Chotqol marvaridi»ning 2019 yil 25 yanvardagi ob’ektni olib qo‘yish bo‘yicha hokim qarorini bekor qilish bo‘yicha arizasini qanoatlantirish va sud uchun ketgan xarajatlarni qayta taqsimlash bo‘yicha qaror chiqardi. Sudya jarayon yopilganini ma’lum qildi.

Turbaza yuristi Azimjon Raxmatovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hokimiyat Oliy Sud qarori ustidan shikoyat qilishi mumkinligini aytib o‘tdi.

24 yanvar kuni Oxangaron tumanlararo iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudi chiqargan qaroriga ko‘ra, turbaza o‘z hisobidan 10 gektar yer uchastkasi va u yerdagi bino va inshootlarni baholashi belgilangan edi. 3 iyun kuni sud «Yangiobod» turbazasi vakillari ishtirokisiz Majburiy ijro byurosining ijro hujjati bo‘yicha tushuntirish bergan. Sud turbaza mulkini majburiy baholash bo‘yicha qaror ijrosi yuzasidan belgilangan tartibni o‘zgartirgan.

«Sud bizning ishtirokimizsiz Angren Majburiy ijro byurosining arizasini ko‘rib chiqqan. Sud bunday kategoriyadagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasidan chiqqan va sud qarorining ijrosi bo‘yicha tartibni o‘zgartirgan. Bu alohida murojaat formasi, alohida ko‘rib chiqish formasi, ya’ni bu hattoki iqtisodiy protsessual kodeksning turli boblari», — deya ta’kidladi yurist.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Angren MIB baholash bo‘yicha qonunchilikka zid ravishda mustaqil ravishda baholovchilarni yollab, 4 iyun kuni turbazani mulkini baholash uchun tashrif buyurgan.

«Yangiobod. Chotqol marvaridi» turbazasi. Foto: Bexzod Turayev.

Sud tushuntirishida qayd etilishicha, agar sud qarorining ijrosi javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda ta’minlanmasa, Angren shahar MIB bo‘limi «Yangiobod» turbazasiga xarajatlarni yuklab, mulkni baholashi mumkin. Azim Raxmatovning aytishicha, turbaza ushbu tushuntirishning qachon bo‘lib o‘tishi bo‘yicha xabar olishmagan. «Bizga bu to‘g‘risida xabar yuborilganmi. yo‘qmi shubhamiz bor», — deydi yurist.

Tadbirkor Ali To‘xtayev «Gazeta.uz»ga ushbu g‘alaba to‘g‘risida izoh berdi.

«Birinchi navbatda, ma’naviy dam olish kerak. Nima bo‘lganligini tushunish kerak, chunki bu umid beradigan eng oxirgi imkoniyat edi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sudning qarori adolat borligini va sudlarning «ikki yildan beri davom etayotgan nohaqliklarga» bo‘ysunmasligini ko‘rsatib berdi.

«Bu vaziyat bizga yurtimiz uchun nimadir qilishga yangi kuch va xohish taqdim etadi. Kurashing, haqiqat — juda yoqimli narsa», — dedi u.