O‘zbekiston Turkiya bilan bir vaqtda jorijlik sayyohlarni qabul qilishni boshlaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda so‘nggi o‘n kunda koronavirus tarqalishi suratlarining oshib borishi ta’kidlandi. Oxirgi bir oyda 32 ta charter reys orqali 8 mingga yaqin, chegara postlari orqali 20 mingdan ortiq fuqarolar mamlakatga olib kelingan. Ularning ko‘pchiligida kasallik topilgan.

«Qariyb 200 nafar xalqaro yuk tashuvchi haydovchida koronavirus aniqlangan. Umuman, hozirgi kunda uy sharoitida 26 ming, statsionarda 21 ming kishi karantinda qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Prezident 50 taga yaqin shahar va tumanlar «qizil» va «sariq» hududlar hisoblanishini eslatib o‘tdi.

«Mana 1 iyundan boshlab ichki turizmni rivojlantirishga katta e’tibor berdik. Endi shu bilan birga tashqi turizmda ham qayerda ular bizni qabul qilishga tayyor bo‘lsa, biz ham tayyor bo‘lamiz. Biz darrov samolyotlarimizni uchiramiz. Mana, Turkiya bilan gaplashayapmiz, ular tashqi turizmni ochganidan, biz ham ochamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Dunyoda vaziyat hamon o‘ta og‘ir va murakkablashib borayapti. Mana ko‘p olimlar, mutasaddilarni agar o‘qisangiz, kuz bilan qishda koronavirus tarqalishi davomi bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida gapiryapti. Bular bekkorga gapirmayapti. Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bu qancha davom etadi, hech kim bilmaydi. Iqtisod nuqtai nazaridan, har bir kunimiz bizga qarshi ishlayapti», — deya ta’kidladi u.

Yig‘ilishda turizmni tiklash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. 1 iyundan boshlab O‘zbekistonda ichki turizmni faoliyati qayta tiklandi. Shu bilan birga, prezident tashqi turizmni ham rivojlantirish kerakligini aytdi.

«Qayerda bizni qabul qilishga tayyor bo‘lsa, biz ham tayyor bo‘lamiz. Biz darrov samolyotlarimizni uchiramiz. Mana, Turkiya bilan gaplashayapmiz, ular tashqi turizmni ochganidan, biz ham ochamiz», — deya ta’kidladi prezident.

Oldinroq, bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz»ga «qizil», «sariq» va «yashil» halqaro aviareyslarni tashkil etish rejalashtirilayotganini, hamda «O‘zbekiston. Kafolatlangan xavfsiz sayohat» loyihasi haqida aytib bergan edi.

Shavkat Mirziyoyev karantin choralarini yumshatish va ularga rioya qilishni kuchaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

«Bu sharoitda ishlashga, yashashga o‘rganishimiz kerak. Boshqa yo‘limiz yo‘q. Ish uslubimiz shunday bo‘lishi kerak: 50 foiz karantin, 50 foiz iqtisodiyot», — dedi prezident.