Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2 iyun kuni taxminan soat 11:37da Beruniy ko‘chasida joylashgan «Ikrom Aziz» MCHJga qarashli universal (propan-metan-solyarka) yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in kelib chiqqan.

«Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in natijasida yer ustida joylashgan 25 tonnalik 2 ta sig‘im va 2 ta „ZIL-130“ yoqilg‘i tashish avtomashinasi yongan. Bundan tashqari, ushbu sig‘imlar yonida 10 tonnalik 3 ta, taxminan 30−50 tonnalik 2 ta bo‘sh sig‘im joylashgan», — deyiladi xabarda.

Hozircha hodisaga yoqilg‘ini quyishda yong‘in xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Jabrlangan va halok bo‘lgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.

Mazkur holat yuzasidang voqea joyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 6 ta yong‘in-qutqaruv guruhi yetib borgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in davom etmoqda va voqea sodir bo‘lgan joyga FVVning qo‘shimcha kuchlari jalb etildi.