Yaponiya hukumati O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan BMTTD faoliyatini kengaytirish ishlariga 1,9 mln dollar ajratmoqda. Bu haqda dastur matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

«Moliyalashtirish katalizator sifatida xizmat qiladi va O‘zbekistonda COVID-19 oqibatlarini yumshatish borasidagi ko‘p tarmoqli va inson manfaatlariga qaratilgan javob choralarini kuchaytiradi, shuningdek yanada barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun sharoitlar yaratishga hissa qo‘shadi», — deyiladi xabarda.

BMTning COVID-19 pandemiyasiga qarshi javob choralari doirasida BMTTD mamlakatlarga pandemiyaga tayyorgarlik, javob choralarini ko‘rish va undan so‘ng tiklanish bo‘yicha yordam bermoqda va bunda alohida e’tibor aholining eng zaif qatlamlariga qaratilmoqda.

O‘zbekistonda BMTTDning javob choralari ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini eng yuqori darajada his etuvchi va alohida e’tiborni talab qiluvchi aholi guruhlariga asosiy e’tiborni qaratadi: xotin-qizlar, yoshlar, norasmiy sektordagi ishsizlar, qaytib kelgan mehnat muxojirlari, mavjud mikro, kichik va o‘rta korxonalar, yangi tadbirkorlik sub’ektlari (startaplar).

Hukumatning COVID-19 sababli asosan masofadan turib ishlagan holda (masalan, masofaviy tarzda tizimga kirish orqali) xizmatlarni ko‘rsatish borasidagi salohiyatini mustahkamlash maqsadida BMTTD raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanmoqda va O‘zbekistonga ihotalash (izolyatsiya) sharoitlarida davlat organlari faoliyatining uzluksiz faoliyatini ta’minlashga yordam bermoqda, shu jumladan mahallalarni raqamlashtirish yo‘nalishida.

BMTTD O‘zbekiston hukumatining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 9600 ta bo‘linmasini elektron hujjat yuritish tizimiga tajribaviy o‘tkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Vazirlik zaruriy texnika vositalari va dasturiy ta’minotga, shuningdek axbortni boshqarish tizimi ni tajribaviy joriy etishga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan 100ta mahallalarni aniqlab oldi. Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari bilan bir qatorda yangi tashkil etilgan vazirlik xodimlarining imkoniyatlarini kengaytirish uchun ularni o‘qitish ishlari olib boriladi.

Yaponiya hukumati taqdim etayotgan mablag‘lardan, shuningdek, BMTTDning O‘zbekistondagi har yillik startaplar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish uchun ham foydalaniladi. Uning doirasida 40 nafar yosh yigit va qizlar ijtimoiy innovatsiyalar sohasidagi o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun boshlang‘ich moliyalashtirishga ega bo‘ladilar.

Shuningdek, 990ta kichik va o‘rta korxonalarga onlayn tarzda maslahat berish xizmatlari ko‘rsatiladi. Olis tumanlardagi 240 nafar fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 30ta kichik korxona va oltita kooperativga moliyaviy ko‘mak va uskunalar taqdim qilinadi.

Bundan tashqari, ajratilayotgan mablag‘ hisobidan xotin-qizlarning fan, texnika, muhandislik va matematika (STEM) bilan shug‘ullanishlariga sharoitlar kengaytiriladi.

Avvalroq Yaponiya O‘zbekiston qishloq ayollari uchun 3 mln dollar miqdoridagi moliyaviy yordamini ajratgani xabar qilingan edi.