Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida Moliya vazirligining Navoiy viloyatidagi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan pul mablag‘larini maqsadli sarflanishi o‘rganilganda, juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish holati aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Xususan, Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari va boshqalar oldindan til biriktirib, jamg‘arma tomonidan ajratilgan 5 mlrd so‘m mablag‘larning bir qismini talon-toroj qilish maqsadida, «T.» va «I-P.» MCHJdan kimyoviy dizenfeksiya vositalari hamda infeksiyaga qarshi tibbiy himoya vositalarini qimmat narxlarda xarid qilishib, jami 222,3 mln so‘mни rastrata qilish yo‘li talon-toroj qilib, davlat byudjetiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari, «T.» va «I-P.» MCHJ rahbarlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi markaz bosh vrachi B.B. va vrach-dezinfeksionisti A.H. ham xuddi shu yo‘l bilan davlat byudjetining 204,6 mln so‘mlik mablag‘larini talon-toroj qilgan edi.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari M.A. va tuman «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N. tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln so‘m pullarni o‘zlashtirishgan, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan 44 mln so‘mni maqsadsiz sarflab, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan edi.