28 may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp “Onlayn senzuraga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror ijtimoiy tarmoqlarga o‘z foydalanuvchilarining postlarini tahrirlashga yo‘l qo‘ymaslikka va foydalanuvchilarning so‘z erkinligini himoya qilishga qaratilgan.

“So‘z erkinligi — bu Amerika demokratiyasining asosidir. Bizning ta’sischi otalarimiz ushbu muqaddas huquqni Konstitutsiyaga birinchi o‘zgartirish orqali himoya qilganlar. G‘oyalarni erkin ifoda etish va munozara qilish bizning erkin xalq sifatida barcha huquqlarimizning asosidir”, — dedi Tramp.

Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, u Twitter, Facebook, Instagram va YouTube kabi yirik ijtimoiy mediya kompaniyalar o‘zlariga ma’qul ko‘rmaydigan erkin fikrlarni senzura qilishlariga aslo yo‘l qo‘ymadi, chunki bunday amaliyot demokratiya va AQSH ideallariga ziddir.

“Erkin fikr bildirishni uzoq vaqtdan beri qadrlab kelayotgan mamlakatda biz onlayn platformalarga amerikaliklar Internetda faqatgina ushbu platformalarga ma’qul keladigan fikrlarni qoldirishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Ushbu amaliyot Amerika va demokratik ideallarga ziddir. Katta, kuchli ijtimoiy media kompaniyalari o‘zlarining fikrlari bilan rozi bo‘lmagan fikrlarni senzuralashsa, ular xavfli kuchga aylanadi. Ularning passiv aloqa maydoni rolini bajaruvchilik vazifasi to‘xtatiladi va foydalanuvchilar kontent yaratuvchi sifatida ko‘rilishi kerak”, — deya ta’kidlab o‘tdi AQSH prezidenti.

Endilikda, mazkur qaror bilan Tramp federal tartibga soluvchi organlarga Aloqa vositalarida odob-axloq to‘g‘risidagi (Communications Decency Act) qonunning 230-bo‘limiga o‘zgartirish kiritish uchun vakolat bermoqda. Ushbu bo‘limga ko‘ra, ijtimoiy media kompaniyalari o‘z platformalarida foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan kontent uchun javob bermaydi, lekin ularga nomaqbul, haqoratli yoki zo‘ravonlikka chorlovchi materiallarni erkin ravishda tahrirlash, o‘chirib tashlash, o‘zgartirish va boshqa choralar ko‘rish vakolati beriladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Twitter, Facebook, Instagram va YouTube kabi kompaniyalar o‘zlarining platformalarida o‘n minglab amerikaliklarning postlarini “nomaqbul” deb belgilamoqda, garchi ular hech qanday qoidalarni buzmayotgan bo‘lsa ham. Bu, Trampning fikricha, senzuraning yaqqol namunasidir. Misol tariqasida AQSH prezidenti Twitter ni keltirib o‘tdi.

“Endi Twitter ma’lum bir tvitlarga ogohlantirish belgisini qo‘ymoqda. Mazkur belgilar siyosiy tarafkashlikni aks ettirmoqda. Ma’lum qilinishicha, Twitter hech qachon boshqa bir siyosatchining tvitiga bunday belgi qo‘ymagan”, — deya e’tiroz bildirdi Tramp.

Twitter, o‘z o‘rnida, mazkur qarorni “reaksion va siyosatlashtirilgan”, deb ta’rifladi.

Eslatib o‘tamiz, 27 may kuni Twitter Donald Trampning tvitiga birinchi marotaba ishonchsiz bo‘lishi mumkinligi va qo‘shimcha tekshiruv kerakligi haqidagi maxsus belgi berilgandi. AQSH prezidenti, o‘z o‘rnida, Twitter ni so‘z erkinligini bo‘g‘ishda ayblagan edi.