Turkiya hukumati O‘zbekistonga 50ta sun’iy nafas olish uskunasini insonparvarlik yordami sifatida jo‘natdi, deya xabar qildi “Dunyo” axborot agentligi.

Mazkur insonparvarlik yordami 21 may kuni Istanbuldan Toshkentga bo‘lgan charter reys orqali yetib kelgan. Sun’iy nafas olish uskunalari partiyasi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshiriladi.

Turkiyada ishlab chiqilgan ushbu uskunalarning O‘zbekistonga beg‘araz yordam sifatida jo‘natilishi mamlakatning Anqaradagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) O‘zbekistonga shifokorlar uchun 5000 komplekt shaxsiy himoya vositalari: kombenzonlar, ko‘zoynaklar, niqob, qo‘lqop va baxillalar ni insonparvarlik yordami sifatida taqdim etgan edi.