Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qaytarib bermaslik asosida Davlat byudjetiga 100 mln доллар ekvivalentidagi mablag‘lar ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

  • Suv xo‘jaligi vazirligiga — talafot ko‘rgan hududlarda suv toshqini oqibatida izdan chiqqan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini tiklash, shu jumladan kollektorlar, drenaj va drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalarini ta’mirlash va tozalash ishlari uchun;
  • Transport vazirligi xuzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga — talafot ko‘rgan hududlarda yo‘l- transport infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari uchun;
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga — talafot ko‘rgan hududlarda toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun;
  • Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga — Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan ahvolga kelgan oilalarga 2020−2021 yillar davomida ko‘p qavatli uy-joylarni qurish hamda qurib bitkazilgan va sotilmagan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni egalikka berish uchun;
  • Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligiga — Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida ijtimoiy soha ob’ektlarini (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqalar) qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun.

Vazirlar Mahkamasiga o‘n kun muddatda Prezident Administratsiyasiga Mudofaa va huquq tartibot organlarning tadbirlari hamda ularga O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan jami 1,150 trln so‘m miqdorigacha bo‘lgan byudjet mablag‘larini maqbullashtirish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi belgilangan.

Maqbullashtiriladigan mablag‘lar quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar hisobidan quyidagilarga ajratilgan mablag‘lar o‘rnini qoplash uchun:
    • 1 maydagi prezidentning Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga ajratilgan 100 mlrd so‘m;
    • 2019 yil 1 dekabrga qadar xususiy sheriklar tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari 25 foizdan kam bo‘lmagan hajmda bajarilgan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan 182 mlrd so‘m;
    • Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, boshqa maqsadlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarining buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga ajratilgan 352,7 mlrd so‘m;
    • “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"ga oid davlat dasturiga asosan yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga ajratilgan 85,3 mlrd so‘m;
  • Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralar to‘g‘risidagi prezident farmoyishiga asosan Buxoro viloyati mahalliy byudjetiga 130 mlrd so‘m ajratish (shu jumladan, oldin ajratilgan 100 mlrd so‘m o‘rnini qoplash) uchun;
  • Prezidentining 1 maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora- tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq yer maydonlarini foydalanishga kiritish uchun tuman byudjetlariga ajratilgan 300 mlrd so‘m.

Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr tarmoqlari, tabiiy gaz quvurlari va aloqa tarmoqlarini tortish ishlari tegishli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, “O‘zbektelekom” AK mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi.

Oldinroq xabar berilganidek, Sirdaryo viloyatidagi suv toshqini oqibatlarini bartarif etish uchun kamida 1,5 trln so‘m kerak bo‘lishi mumkin. Jabrlangan aholi uchun qurilishi rejalashtirilgan 66 ta ko‘p qavatli uylarni qurishga 950 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Buxoro viloyatidagi qattiq shamol oqibatida yetkazilgan talofatlar zarari 141,6 mlrd so‘mga baholanmoqda.