O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan, Sardoba toshqini oqibatida ilmiy yozmalarini yo‘qotgan Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-kurs tayanch doktoranti Kamola Abrorxonovaga doktorlik darajasi istisno tariqasida berildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

15 may kuni davlat rahbarining mirzaobodliklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi davomida mazkur tumanning “Navbahor” mahallasida yashovchi 28 yoshli Kamola Abrorxonova o‘zining ilmiy yozmalari va tadqiqot natijalari Sardoba toshqini oqibatida yaroqsiz holga kelib qolganini ma’lum qilgan edi.

“Shu qishloqda tug‘ilib o‘sganman. Toshqindan xabar topgan kunimiz qo‘rquvdan xayolimga ikki tashvish keldi. Birinchisi, yosh bolamni xavfsiz joyga ko‘chirish bo‘lsa, ikkinchisi — necha yillar davomida olib borgan tadqiqotlarim natijalari, tajriba-sinovlarimning ko‘pchiligi qo‘lyozma variantda uyda qolayotgan edi.Toshqin qaytgandan keyin uyga kelganimizda ne ko‘z bilan ko‘ray… hammasi suvda qolgan edi, loy bilan qorishib yotgan, xullas yaroqsiz edi”, — dedi Kamola Abrorxonova prezidentga.

Yosh tadqiqotchi shuncha yillar davomida olib borgan mehnati yo‘qolganiga achinganiga qaramay, unga eng muhimi farzandlari, oilasi va yaqinlarining salomatligi ekanini ta’kidladi.

U boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishini davom ettirishini bildirdi.


Mazkur murojaatdan so‘ng prezident yosh olimaga istisno tariqasida doktorlik darajasini berish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Menga odamning doktorlik hujjati kerak emas, menga shijoati, vatanga muhabbati, intilishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev va yosh olimani “vatanga muhabbat, tarbiyaning misolini amalga ko‘rsatgan doktor”, — deya ta’rifladi.


Reportajga ko‘ra, prezident topshirig‘idan so‘ng bir necha kun ichida Kamola Abrorxonova O‘zbekistonda birinchi bo‘lib onlayn tarzda o‘zining “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini innovatsion yondashuv asosida milliy ruhda tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasini Guliston davlat universitetida yoqladi. Uning ilmiy ishi 12 kishidan iborat Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash tomonidan baholandi.

Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmedbek Yusupovning ta’kidlashicha, Kamola Abrorxonovaning ilmiy ishi natijalari umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartlariga joriy etiladi hamda 1−4 sinflar uchun yaratilayotgan “Tarbiya” fani darsligida aks ettiriladi.


Ma’lumot uchun, 28 yoshli falsafa doktori (PhD) Kamola Abrorxonova Jizzax davlat pedagogika instituti “Boshlang‘ich ta’lim” fakultetida davlat granti asosida tahsil olgan, 2014 yilda Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan. Magistratura bosqichini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida imtiyozli tamomlagan.