O‘zbekiston prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni Adliya vazirligi zimmasiga qator qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, vazirlik adliya organlari va muassasalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etadi hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali “virtual adliya” tizimini ishga tushiradi.

Farmon bilan 2020−2024 yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasi va konsepsiyani 2020−2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shuningdek, Farmon bilan 2020−2024 yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlandi.

Vazirlik 2020 yil yakuniga qadar shu jumladan quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga (indikatorlarga) erishilishini ta’minlaydi:

  • vazirlik tomonidan ishlab chiqiladigan qonun hujjatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun loyihalari sifatida qabul qilish orqali ularning ulushini 20 foizga yetkazish;
  • davlat boshqaruvi tizimini funksional tahlil qilgan holda vazirlik va idoralarning kamida 10 ta funksiyalarini nodavlat sektorga o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritish;
  • 2018−2019 yillarda yangi (qayta) tashkil qilingan 8 ta vazirlik va idoralar faoliyatini o‘rganish;
  • elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 12 foizga yetkazish;
  • aholiga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan yangi xizmatlar sonini 15 taga oshirish;
  • nodavlat notariat shakliga aylantirilgan davlat notarial idoralarining ulushini 95 foizga yetkazish;
  • 29 ta qonunosti hujjatlari bilan belgilangan javobgarlik va sanksiya normalarini chuqur tahlil qilish va tegishli qonunlarga kiritilishini ta’minlash.

Shuningdek, farmonda Adliya vazirligi amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning samaradorligi va natijadorligini monitoring qilish, ushbu sohada vazirlik va idoralar vakolati va funksiyalarining to‘liq va sifatli amalga oshirilayotganligi hamda belgilangan maqsadlarga erishilayotganligini funksional tahlil qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Endilikda, Adliya vazirligi ma’muriy islohotlar doirasida vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan yangi tashabbuslarni ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan inobatga olinishi majburiy bo‘lgan xulosalar beradi.