25 may kuni Bishkekda jamoat transporti o‘z faoliyatini qaytadan boshlaydi, deb xabar berdi 24.kg mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronovga tayanib.

Yo‘nalishga avtobuslar va trolleybuslar chiqariladi. Barcha yo‘lovchilar sanitariya me’yorlariga qat’iy rioya qilishlari, masofa saqlashlari va niqob taqishlari kerak.

Aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi esa 25 may kuni ko‘rib chiqiladi. Kubatbek Boronovning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda gapirishga hali erta, chunki hatto mintaqalararo quruqlik marshrutlari masalasi ham hal qilinmagan, “xavf hali ham saqlanib qolmoqda”.

19 may holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirus infeksiyasining 1243 ta holati rasmiy ravishda qayd etilgan, 331 kishi davolanishda davom etmoqda.

Iyun oyidan boshlab respublikada sanitariya-epidemiologiya standartlariga qat’iy rioya qilgan holda iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi barcha faoliyat turlarini qayta tiklash rejalashtirilgan. Ammo madaniy, sport, oilaviy tadbirlarni, ko‘ngilochar muassasalar, bolalar ko‘ngilochar markazlari, o‘yin maydonchalari va maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatidagi cheklashlar kuchda qoladi.