18 may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi Direktorlar kengashi O‘zbekistonga koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarini yumshatish maqsadida 375 mln dollar ekvivalentidagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi ma’qulladi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Imtiyozli kreditlar o‘z ichiga 10 yillik muddat bilan (5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda) 125 mln dollarga teng foizsiz tezkor kreditlash liniyasi (Rapid Credit Facility) va 5 yillik muddat bilan (3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda) foiz stavkasi yillik 1,05 foizga teng bo‘lgan 250 mln dollar miqdoridagi tezkor moliyalashtirish instrumentini (Rapid Financing Instrument) oladi.

Mazkur mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralarini moliyashtirish uchun yo‘naltiriladi.

“An'anaga ko‘ra, XVJ qarzlarni taqdim etish jarayonida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xatarlarini hamda mamlakatdagi makroiqtisodiy holatni tahlil qiladi. XVJ tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yuqori salohiyatni saqlab qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

XVJning maqroiqtisodiy holat bo‘yicha prognozlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • iqtisodiy o‘sishning 1,5% gacha pasayishi;
  • fiskal taqchillikning YAIMga nisbatan 4,1% gacha oshishi, shu jumladan sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan harajatlarning, ijtimoiy ko‘mak uchun to‘lovlar hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va boshqa xarajatlar oshgan davrda soliq imtiyozlarining taqdim etilishi;
  • eksport tushumlarining hamda xalqaro pul o‘tkazmalarining miqdori sezilarli darajada qisqarishi oqibatida to‘lov balansining joriy operatsiyalari bo‘yicha taqchilligining YAIMga nisbatan 10% gacha oshishi.

Mazkur qarz mablag‘laridan foydalanish jarayonida shaffoflikni ta’mainlash maqsadida amalga oshirilgan harajatlar ustidan O‘zbekiston Hisob palatasi tomonidan mustaqil audit amalga oshiriladi hamda audit natijalari moliya yili yakunidan so‘ng 6 oy mobaynida e’lon qilib boriladi.