Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va blogerlar davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining fikrlariga munosabat bildirishdi.

14 may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritish bo‘yicha qonun loyihasiga munosabat bildirdi.

“Biz OAVda muzokaralarga sabab bo‘lgan ushbu qonun loyihasiga e’tibor berdik. Bizga uning [qonun loyihasining] tarafdorlari hozircha kamchilikni tashkil etmoqda. Ko‘plab izohlar rus tilini rasmiy doiralarda to‘laligicha saqlab qolish bo‘yicha bildirilmoqda. Bu tarix ruhiyatiga, hozirgi ikkitomonlama munosabatlar sifatiga, asosiysi, Rossiyada ishlash va o‘qish qarorini qabul qiladigan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘g‘ri keladi”, — deya ta’kidlagan Mariya Zaxarova.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov uning fikrlariga munosabatini bildirgan.

“Suveren davlat hududida til masalasi tartibga solinishi uning ichki siyosati masalalariga kiradi”, — dedi deputat. — “Rus tili bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikda dasturlarning amalga oshirilishi, bu — yurtimizda boshqa millat vakillariga bo‘lgan hurmatimiz darajasini bildiradi. Lekin O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili hisoblanadi va davlat organlarida ish davlat tilida yuritilishi qonunning talabidir”.

Akmal Burxonov Zaxarova qaysi asosga ko‘ra qonun loyihasining tarafdorlari kamchilikni tashkil qilishi va rasmiy ish yurituvida rus tili to‘liq saqlanib qolgan, degan xulosaga kelgan, degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Davlat idoralarida o‘zbek tilida ish yuritish O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarimiz dinamikasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Rossiya rasmiy vakili bu masalaning O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga zid yoki zid emasligi bo‘yicha fikr bildirishga haqlimi?”, — deya fikrini yakunlaydi deputat.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham o‘z Telegram kanalida Rossiya TIV rasmiy vakilining fikrlariga qarshi o‘z munosabatini qoldirdi.

“O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili. Biroq shunga qaramay, ta’lim muassasalarida o‘qitish 7 tilda olib boriladi, shu jumladan rus tilida. Kamida 11 tilda gazeta va jurnallar chop etiladi. Mamlakatda o‘zbek tili davlat tili sifatida qonuniy hisoblangani uchun rasmiy ishda unga rioya etishda mas’uliyatni oshirish suveren O‘zbekistonning mustaqil ishi. Hech bo‘lmasa rasmiy idorada davlat tilida ish yuritilmasa davlat tilining maqomi qoladimi”, — deya ta’kidladi deputat.

“O‘zbekiston rasmiy davlat tiliga ega suveren mamlakat. Qolganlar ham shu suverenlikni hurmat qilishi shart”, — dedi Rasul Kusherbayev.

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham Zaxarova “qonun loyihasi tarafdorlari yaqqol kamchilikni tashkil etishini qayerdan bilganligini” so‘ramoqda.

Bloger Muhrim esa ushbu vaziyat yuzasidan fikr bildirar ekan, “O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining zamonaviy sifati umuman til masalasi bilan o‘lchanmasligi lozim”, — dedi.

Video

Eslatib o‘tamiz, oldinroq, Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirgan edi.

Loyihada davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgan edi.

Ya’ni ushbu moddaga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” degan to‘ldirish kiritilmoqda.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda katta munozaralarga sabab bo‘lgan ushbu masala yuzasidan Adliya vazirligi izoh berdi.

Adliya vazirligi loyihada qandaydir talablar kengaytirilib, tildan foydalanishda yangi cheklovlar kiritilmayotgani, faqatgina amaldagi qonunning qoida va talablari hisobga olinganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, qonun loyihasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini qamrab olib, qonun qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda ma’muriy javobgarlik faqatgina mazkur davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Qonun loyihasi mansabdor shaxslarning qonun talablariga rioya etishi bo‘yicha mas’uliyatini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari ishida davlat tilidan to‘laqonli foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan.

Yanada aniqrog‘i, vazirlikning ma’lum qilishicha, qonun loyihasi hech qanday yo‘l bilan respublika hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning ona tilidan foydalanish, millatlararo muloqot va ta’lim olish tilini o‘z xohishiga qarab tanlash, o‘z tilida davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilmaydi.

Adliya vazirligi OAV, blogerlar shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni loyihani o‘zlaricha talqin qilib, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri o‘zanga burishga harakat qilmasliklarini, O‘zbekiston jamoatchiligi oldidagi javobgarlikni unutmaslikka da’vat etdi.