Respublika maxsus komissiyasining 14-maydagi qarori bilan amaldagi karantin talablari 1-iyunga qadar uzaytirildi. Bu haqda “Koronavirus info” rasmiy Telegram kanalida xabar qilindi.

Shu bilan birga, 15-maydan boshlab quyidagi faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:

“qizil” toifadagi hududlarda:

  • yakka tartibdagi hunarmandchilik;
  • avtomobillarga va qishloq xo‘jalik mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish;
  • elektron qurilmalarni (kompyuter va maishiy texnika vositalari) va aloqa vositalarini ta’mirlash;
  • ijara va lizing xizmatlari;
  • buxgalteriya sohasiga oid xizmatlar (auditorlik, soliq maslahati va boshqalar) ko‘rsatish;

“sariq” toifadagi hududlarda “qizil” toifadagi hududlarga qo‘shimcha ravishda:

  • rieltorlik faoliyati;
  • reklama va marketing faoliyati;
  • xususiy bandlik agentliklari faoliyati;
  • mehmonxonalarga o‘z oshxonalarida ovqat pishirish hamda xonalarga yetkazib berish;
  • park va istirohat bog‘lari (attraksionalar, ko‘ngilochar ob’ektlar hamda tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari faoliyati bundan mustasno) faoliyati. Bunda park va istirohat bog‘lariga kirish karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda soat 09−00 dan 20−00 ga qadar 2 nafar shaxsdan ko‘p bo‘lmagan guruhlarda (oilaviy guruhlar bundan mustasno) amalga oshiriladi;

“yashil” toifadagi hududlarda “sariq” va “qizil” toifadagi hududlarga qo‘shimcha ravishda:

  • ochiq sun’iy qoplamali sport o‘yingoxlari (tashrif buyuruvchilar sonini cheklash sharti bilan, yechinish va yuvinish xonalaridan foydalanmagan hamda oraliq masofani saqlagan holda);
  • kompyuter (skaner, nusxa ko‘chirish, matn terish, chop etish) va poligrafiya xizmatlari;
  • muzeylar faoliyati (tashrif buyuruvchilar sonini cheklagan hamda oraliq masofani saqlagan holda);
  • veterinariya xizmatlari;
  • binolarga xizmat ko‘rsatish va landshaftni obodonlashtirish faoliyati.