Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 12 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, jami 33 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Farg‘ona viloyatida so‘nggi koronavirus bemori ham tuzaldi.

Barcha tuzalganlar reabilitatsiya kuzatilgan.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlardan 5 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 3 nafari Tojikiston Respublikasidan, 2 nafari Qozog‘iston Respublikasidan va yana 2 nafari Rossiyadan kelgan va karantinga olingan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 18 nafari xorijdan kelgan, jumladan, 7 nafari Tojikiston Respublikasidan, 3 nafari Qozog‘iston Respublikasidan va 1 nafari Rossiyadan, shuningdek, yana 7 nafari Dubay-Toshkent charter reysi orqali kelib, karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 3 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Toshkentda tuzalgan barcha bemorlardan 21 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 56 bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2019 yil tug‘ilgan chaqaloq. Hududlar kesimida, Toshkent viloyatidan 8 nafar, Namangandan 5 nafar, Samarqand viloyatidan 4 nafar, Toshkent shahridan 10 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 2 nafar, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona va Andijon viloyatidan 1 nafardan.

Toshkent shahrida shu paytga qadar 635 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 668 nafarga yetdi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalingan so‘nggi bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi.

Farg‘onada tuzalgan so‘nggi bemor (40 yoshli erkak) ushbu viloyatning Oltiariq tumanidan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 2110 nafarni tashkil etmoqda.