Oliy Majlis Senati 11 may kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisda “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunini ko‘rib chiqdi.

Qonun bilan propiska tizimiga quyidagi asosiy o‘zgarishlar kiritilmoqda:

  • “doimiy propiska” so‘zlari “yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” so‘zlariga almashtirilmoqda;
  • fuqarolar nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularga tegishli manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga tura oladilar;
  • er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo‘qotish bo‘yicha qoidalar bekor qilinmoqda;
  • parlament, prezident va hukumat tomonidan yoxud prezident bilan kelishilgan holda lavozimlarga tayinlanganlar doimiy propiska qilingandan so‘ng, ular boshqa ishga o‘tishi yoki lavozimdan ozod etilishi natijasida propiskaning bekor qilinishiga oid qoida chiqarib tashlanmoqda;
  • davlat tashkilotlarida uzluksiz 5 yil va undan ortiq davr mobaynida ishlagan xodimlar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma’lumotnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila a’zolariga doimiy ro‘yxatga turish bo‘yicha yangi band kiritilmoqda;
  • er-xotinga ular nikohdan o‘tgan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi;
  • oilaga tarbiyalashga (patronat) olingan shaxslar qabul qilib olgan ota-onasining doimiy yashash joyiga ro‘yxatga tura oladilar (amaldagi qonunchilikda bu ko‘zda tutilmagan edi);
  • avval Toshkent va Toshkent viloyati propiskasiga ega bo‘lgan fuqarolar poytaxt yoki poytaxt viloyatida qaytganida, hech qanday to‘sqinliklarsiz doimiy ro‘yxatga tura oladi;
  • boshqa viloyatlarda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolariga Toshkent va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan turar joylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirgani uchun shartnoma qiymatining 5 foizi miqdoridagi maxsus davlat boji stavkasi bekor qilinadi;
  • Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish Turar joy kodeksining bir kishi uchun 16 kv. m (nogironlik aravachasidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun — eng kamida 23 kv. m) dan kam bo‘lmagan hajmdagi turar joy ijtimoiy normasiga rioya etish sharti bilan amalga oshiriladi.

Ushbu o‘zgarishlarni ko‘zda tutgan qonunni ishlab chiqish prezident Shavkat Mirziyoyevning propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi farmonida topshirilgan edi. Qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.